«Yashil oila»ga elektromobil, «yashil mahalla»ga 500 million so‘m – ekologik turmush targ‘iboti

O‘zbekiston 17:51 1432

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2025 yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida bir qancha rejalar belgilandi.

Xususan «Ekofaol fuqaro» hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan «Bir million yashil oila» umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi. Buning asosiy tamoyillari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • aholi orasida sog‘lom turmush tarzi, xususan, tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom ovqatlanish, kunlik yurish va yugurishni targ‘ib qilish;
  • «yashil transportda», shu jumladan, velosipedda harakatlanishni rag‘batlantirish;
  • plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;
  • oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish;
  • suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish;
  • chiqindilarni turlariga qarab saralashni yo‘lga qo‘yish

Shu maqsadda 2025 yil 1 iyunga qadar Ekologiya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi tegishli platformani ishga tushirishi kerak. Unda:

  • ekologik tamoyillarni o‘zining kundalik hayotiga joriy etishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishganlarga «Ekofaol fuqaro» maqomini berish;
  • ular uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan banklarda iste’mol kreditini olishda chegirma taqdim etish;
  • oilaning barcha voyaga yetgan a’zolari «Ekofaol fuqaro» maqomini olganda, ushbu oilaga «yashil oila» maqomini berish;
  • ushbu oilaga har yili ochiq tanlov orqali 14 ta elektromobil berish;
  • aholisining yarmi «yashil oila» maqomini olgan mahallalarda «Eng toza mahalla» va «Eng yashil mahalla» tanlovlarini o‘tkazish;
  • g‘olib bo‘lgan mahallalar jamg‘armasiga mahalla aholisining takliflarini o‘rgangan holda mahallaning ichki infratuzilmasini yaxshilash tadbirlarini moliyalashtirish: yo‘llarni ta’mirlash, energotejamkor yoritish uskunalarini o‘rnatish, bolalar maydonchasini qurish, «yashil bog‘» yaratish va o‘rindiqlar o‘rnatish, chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish, chiqindi qutilari va konteynerlarini o‘rnatishga 500 million so‘m ajratish.

Shuningdek, 2025 yil 1 martga qadar to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishning inson salomatligiga foydasini targ‘ib qilishni kuchaytirish dasturi ishlab chiqiladi. 2025 yil 1 avgustga qadar esa oziq-ovqat xavfsizligi sohasida xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, boshqarish va monitoring qilish maqsadida idoralararo yaxlit Milliy axborot platformasi ishga tushirilishi lozim.

Prezident farmonida keltirilgan ushbu rejalar ijrosi uchun tegishligicha sport, ekologiya, AKT vazirligi va boshqa tashkilotlar mas’ul qilib belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: