Transport vazirligi «Toshkent» avtovokzalidagi holat bo‘yicha yo‘lovchilarga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat 18:59 / 12.08.2019 35119

Joriy yilning 10 may kuni to‘liq qayta rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirilgan “Toshkent” avtovokzalida zamon talablariga mos servis xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kuniga 2000 mingdan ortiq yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, yo‘lovchilarni shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda manzillariga xavfsiz yetkazib qo‘yishni tashkil etish maqsadida tuzilgan “Uzautotrans Service” milliy korxonasi tomonidan hozirda 14 ta mahalliy shaharlararo yo‘nalishlarda va 5 ta xalqaro yo‘nalishlarda avtobus qatnovlari amalga oshirib kelinmoqda. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida nafaqat viloyat markazlari balki yo‘lovchi oqimi katta bo‘lgan tumanlarga ham muntazam avtobus qatnovlari tashkil etilmoqda. Shu bugungi kunga qadar korxona tomonidan jami 84 144 nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, kuniga 55 ta qatnov amalga oshirilmoqda.

Mazkur korxona ishini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida avtobus haydovchilari maxsus tanlov asosida saralab olinib, doimiy ravishda malakasi oshirib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa sifatli servis xizmati ko‘rsatish, qatnovlar xavfsizligini ta'minlash va yo‘lovchilarga munosib xizmat ko‘rsatishni tashkil etishdan iboratdir. 

“Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, avtovokzal xodimlari va avtobus haydovchilari orasida bugungi islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, hamon eskicha fikrlashdan xalos bo‘la olmayotgan xodimlar ham uchrab turibdi. Bu kabi xodimlarning o‘z ishiga noxolis yondashuvi, chiptalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanishi, haydovchilarning esa belgilangan yo‘nalishlardan chetga chiqishi, yo‘nalish pasportida ko‘rsatilmagan hududlarda to‘xtashi, safar vaqtida yo‘l-yo‘lakay avtobus saloniga qo‘shimcha yo‘lovchilarni olayotgani kabi salbiy holatlar uchrab turibdi. Bu esa, o‘z navbatida, yo‘lovchilarning haqli e'tirozi va noroziligiga sabab bo‘lyapti”, - deyiladi vazirlik ma'lumotida.           

Qayd etilishicha, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida transport vazirligi inspektorlari tomonidan doimiy ravishda reyd tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. Shuningdek, korxona ishchi-xodimlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilyapti. 

“Biroq, afsuski shu kabi sa'y-harakatlarga qaramasdan yuqoridagi kabi salbiy holatlar kundalik hayotimizda uchrab turibdi”, - deyilgan ma'lumotda.

Transport vazirligi hurmatli yo‘lovchilardan o‘z safarlari davomida avtovokzal xodimlari va avtobus haydovchilarining shu kabi xatti-harakatlariga guvoh bo‘lgan taqdirda vazirlikning 1167 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat etishlarini so‘ragan.

Shuningdek, Toshkent avtovokzalining (71) 207 87 00 hamda “Uzautotrans Service” korxonasining (71) 207 87 02 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib ariza qoldirish mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: