Kun.uz saytida e'lon qilingan maqola bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi raddiya berdi

Jamiyat 18:11 / 12.08.2019 23731

Kun.uz sayti orqali e'lon qilingan “Mahbus bo‘yni, umurtqa va qovurg‘asi sinishi sabab vafot etgan». Bosh prokuratura tibbiyotni soha professorlaridan yaxshiroq biladimi?” nomli maqolaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi raddiya e'lon qildi.

Quyida raddiya matni havola qilinadi:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan «KUN.UZ» nashrida 2019 yil 9 avgust kuni e'lon qilingan «Mahbus bo‘yni, umurtqa va qovurg‘asi sinishi sabab vafot etgan». Bosh prokuratura tibbiyotni soha professorlaridan yaxshiroq biladimi?» nomli maqolasi ko‘rib chiqildi.

Eng avvalo ta'kidlash joizki, «KUN.UZ» nashri muxbiri ushbu maqolani tayyorlash jarayonida xolislikka amal qilmacdan, faqat bir tomonning fikrini yoritgan. Lekin holatga aniqlik kiritish maqsadida ushbu masala bo‘yicha Bosh prokuraturaga murojaat qilmagan.

Holatdan kelib chiqib, Bosh prokuratura mazkur jinoyat ishiga oid quyidagi eng muhim jihatlarini ma'lum qiladi:

Jinoyat ishi haqida umumiy ma'lumot

Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan mahkum S.Sh.ga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilganligi tufayli 30.06.2016 yilda vafot etganligi holati yuzasidan jazoni ijro etish muassasasi tibbiyot bo‘limi boshlig‘i M.E. sudning hukmi bilan aybdor deb topilib, tegishli jazo tayinlangan.

Keyinchalik marhumning yaqinlari bergan shikoyatga binoan, Bosh prokuraturaning protestiga asosan sud qarorlari bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan birinchi instansiya sudida ko‘rish uchun dastlab Navoiy, so‘ngra Toshkent shahar sudiga o‘tkazilgan.

Sud tomonidan 22.01.2019 yilda o‘tkazilgan komission ekspertiza xulosasi natijasiga ko‘ra, Toshkent shahar sudining ajrimi bilan jinoyat ishi tegishli tartibida ish bo‘yicha boshqa aybdor shaxslar doirasiga aniqlik kiritish maqsadida prokurorga qaytarilgan.

Jinoyat ishi murakkab va o‘ta dolzarbligi sababli hamda xolislikni ta'minlash maqsadida, jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini o‘tkazish Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasiga yuklatilgan.

Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan qo‘shimcha tergov natijalariga ko‘ra, marhum S.Sh.ning o‘limida tibbiy yordam ko‘rsatgan 4 nafar tibbiyot xodimlari Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan ayblanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga qaytarilgan.

Hozirda jinoyat ishi Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Ekspertiza xulosalari haqida ma'lumot

Ahamiyatli tomoni, jinoyat ishi davomida 7 marta ekspertiza o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan yettita ekspertizaning faqat bittasi, ya'ni navbat bo‘yicha oltinchi ekspertiza xulosasida marhumning o‘limiga ichki va tashqi jarohatlar sabab bo‘lgani keltirilgan. Qolgan 6 ta ekspertiza xulosalariga ko‘ra, marhumning o‘limi orttirilgan sepsis (qonning infeksiyalanishi) shakllanib, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi asoratlanishi natijasida kelib chiqqan.

O‘tkazilgan barcha ekspertizalar davomida jami 46 nafar ekspertlar ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 38 nafari o‘lim sababini sepsis deya baholagan, 8 nafari esa ichki va tashqi jarohatlarni sabab sifatida ko‘rsatgan.

Quyida o‘tkazilgan barcha ekspertizalar ro‘yxati va qisqacha xulosa ilova qilinmoqda:

Oltinchi xulosada avvalgi beshta xulosa bilan qarama-qarshilik yuzaga kelgandan so‘ng, 16 nafar ekspertdan iborat yakuniy – yettinchi komission ekspertiza tayinlangan. Ular ham dastlabki beshta ekspertiza xulosalarini qo‘llab-quvvatlagan.

Maqoladagi noto‘g‘ri ma'lumotlar haqida

Maqolada intervyu bergan ekspertlar so‘zlarining barchasi ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Quyida ayrim misollarni keltiramiz:

 Maqoladagi matn: Shohsanam Yadgarova, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi bo‘lim mudiri, oliy toifali ekspert:

— Navoiyda o‘tkazilgan ekspertizalarda marhum vafot etganidan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmasdan sepsis (qon infeksiyasi) deya xulosa berilgan. Lekin sepsis deb oddiy ko‘z bilan qarab baholab bo‘lmaydi…

Izohlar:

1. Noto‘g‘ri ma'lumot berilgan. Navoiydagi dastlabki ekspertiza xulosasi marhum vafotidan 2 hafta o‘tib, 2-xulosa salkam 1 oy o‘tib, 3-xulosa esa salkam 3 oy o‘tib chiqarilgan;

2. Navoiy viloyatida o‘tkazilgan barcha sud tibbiy ekspertiza xulosalari tegishli talablar va maxsus tekshiruvlar natijasida berilgan.

 Maqoladagi matn: Sh.Yadgarova: Respublika sud-tibbiy ekspertiza Bosh byurosida 2 marotaba, birinchisi 31-sonli komission qayta ekspertiza va 94-sonli yana komission qayta sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgan.

Shunisi qizikki, ikkalasida ham dastlabki ekspertizalarni o‘tkazgan ekspertlar O.Xvan yetakchi ekspert va A.A.Axrarov ma'ruzachi bo‘lib ekspertizani boshqarganlar.

Izohlar:

1. Noto‘g‘ri ma'lumot berilgan. O‘tkazilgan ekspertizalar jadvalidan ko‘rish mumkinki, 94-sonli ekspertiza qayta emas, balki qo‘shimcha komission ekspertiza bo‘lgan;

2. Qo‘shimcha va qayta ekspertizalar orasida farq bor. Jinoyat-protsessual kodeksining 176-moddasiga binoan, qo‘shimcha ekspertiza ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasidagi bo‘shliqlarning o‘rnini to‘ldirish uchun tayinlanadi va shu ekspert (ekspertlar komissiyasi) tomonidan o‘tkazilishi mumkin. Protsessual tartibga ko‘ra, faqat qayta ekspertizada ekspertizani o‘tkazish boshqa ekspertlarga yuklanishi shart.

 Maqoladagi matn: Sh.Yadgarova: Tekshiruvlar natijasida murdaning tovon qismida elektr tamg‘alar aniqlangan.

Izoh: Sh.Yadgarovaning ma'ruzachiligida o‘tkazilgan 07.12.2018 yilgi 126-sonli qayta komission ekspertiza xulosasida elektr tamg‘alar borasida ma'lumot qayd etilmagan.

 Maqoladagi matn: Sh.Yadgarova: Biroq prokuratura jinoyatni ochish o‘rniga bizga bosim o‘tkazmoqda. Ekspertizani bizga sud tayinlab bergan bo‘lishiga qaramay, prokuratura Sog‘liqni saqlash vazirligiga bizning ekspertiza noto‘g‘ri o‘tkazilgan va bunga chora ko‘ring, deb taqdimnoma kiritmoqda. Bizning ekspertiza to‘g‘ri o‘tgan yoki o‘tmaganligini ular qayerdan bilsin?

Izohlar:

1. Prokuratura organlari tomonidan ekspertlarga hech qanday bosim o‘tkazilmagan, jinoyat ishini ko‘rish davomida bunga oid birorta shikoyat va e'tiroz bildirilmagan;

2. «Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonunning 40-moddasi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 297-moddalariga binoan prokuratura organlari qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomani qonun buzilishini bartaraf etish vakolatlariga ega bo‘lgan organga yoki mansabdor shaxsga kiritishga vakolatli. Shuni yaxshi anglash kerakki, protsessual tartibga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha taqdimnoma kiritish tergovchining xohish-irodasiga bog‘liq emas, aksincha bu uning majburiyati;

3. Navbati bilan oltinchi ekspertiza o‘tkazilishida va xulosa tuzilishida «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi Qonun, Sog‘liqni saqlash vazirligining sud-tibbiyot hamda tibbiy-kriminalistik ekspertizalarini o‘tkazish tartiblariga rioya qilinmaganligi 26.04.2019 yilgi 17-sonli qayta komission ekspertizani o‘tkazgan 16 nafar ekspertlar xulosasida qayd etilgan;

4. Shuningdek, xolislikni ta'minlash maqsadida mutaxassis sifatida jalb etilgan Toshkent vrachlar malaka oshirish instituti patanatomiya va sud tibbiyot kafedrasi dotsenti, tibbiy kriminalistik sohasi bo‘yicha 38 yil ish tajribasiga ega, oliy toifali ekspert K.A.Akbergenova tomonidan berilgan alohida fikrga ko‘ra, oltinchi ekspertiza amaldagi tartiblarga rioya qilinmasdan o‘tkazilgan, ekspertiza xulosasi ilmiy asoslantirilmagan;

5. 26.04.2019 yilgi 17-sonli qayta komission ekspertiza xulosasi hamda mustaqil mutaxassisning bergan alohida fikri asosida Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdimnoma kiritilgan;

6. Mazkur taqdimnomaning jinoyat ishiga mazmunan aloqasi yo‘q, shu sababli jinoyat ishini tergov qilish davomida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritish uchun jinoyat ishi doirasida sudning hukmini kutish talab etilmaydi.

 Maqoladagi matn: Jamoliddin Begboyev, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent viloyat filiali eksperti:

—…«Sepsisga-ku sabab topilar, lekin tovonidagi elektr tokidan qolgan izlarni qanday yo‘q qilasizlar? Qiynoqning yaqqol belgisi-ku bu» dedim. Men borini yozishimni aytdim.

Izohlar:

1. Jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan yettita ekspertizalarning birortasida Jamoliddin Begboyev ekspert sifatida qatnashmagan;

2. J.Begboyev Sh.Yadgarovaning ma'ruzachiligida o‘tkazilgan 126-sonli qayta komission ekspertizada gistolog sifatida dalolatnoma tuzishda ishtirok etgan;

3. 126-sonli qayta komission ekspertiza xulosasida hamda J.Begboyevning gistolog sifatida tuzgan dalolatnomasida elektr tamg‘alar borasida ma'lumot qayd etilmagan.

 Maqoladagi matn: Alisher Iskandarov, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor:

—Ekspertiza xulosamizni sud qabul qildi va jinoyatni ochish uchun prokuraturaga topshiriq berdi. Lekin prokuratura viloyatga yana ekspertiza o‘tkaz, deb topshiriq bermoqda. Oldingi mutaxassislarni ham ekspertizaga jalb qilishmoqda. Qoida bo‘yicha bu mumkinmas. Protsessual qonunbuzilishi bu…

Marhamat, agar isbotlansa, ish ochishaversin.

Izohlar:

1. Noto‘g‘ri ma'lumot aytilgan. Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent viloyat filiali tomonidan o‘tkazilgan 17-sonli komission ekspertizasining 16 nafar ekspertlari tarkibiga shu kunga qadar mazkur jinoyat ishida ekspert sifatida qatnashgan birorta shaxs jalb qilinmagan;

2. Qayta ekspertiza tayinlash prokuratura organlarining tashabbusi bo‘lmagan, aksincha Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 23.01.2019 yildagi ajrimi asosida mazkur qaror qabul qilingan;

3. Navbat bo‘yicha oltinchi ekspertizaning o‘tkazilish jarayonida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan Sh.Yadgarova hamda A.Qurbonovlarning harakatlariga jinoyat ishi doirasida huquqiy baho berilgan va jinoyat alomatlari (ya'ni qasddan bila turib yolg‘on xulosa berish) aniqlanmaganligi sababli, jinoyat ishining bir qismini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan;

4. Ekspertlar harakatida jinoyat alomatlarining yo‘qligi (qasddan qilinmaganligi) ekspertizani o‘tkazishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni istisno etmaydi hamda taqdimnoma kiritishga to‘sqinlik qilmaydi.

Maqoladagi matn: «Barvaqt baho berilgan»

Bu masalada ekspertlar sudga murojaat qilishgan. Ishni olib borayotgan sudya tomonidan javob xati taqdim etilgan.

…Shuningdek, prokuraturaning ekspertlar faoliyatiga baho berishi ham barvaqt deb hisoblangan. Bunday xulosalarga yakuniy bahoni faqat sud berishi mumkinligi tushuntirilgan.

Izohlar:

1. Noto‘g‘ri talqin berilgan. KUN.UZ nashri nima uchundir sudning mazkur xatini to‘liqligicha maqolaga joylashtirmagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudidan olingan ushbu xatning nusxasidan ma'lum bo‘lishicha, sud prokuratura organlarining taqdimnomasiga nisbatan hech qanday munosabat bildirmagan;

2. Sud mazkur xatda hukm chiqarishda ekspertiza xulosalarining inobatga olinish yoki olinmasligi haqida gapirishga hali barvaqt ekanligini ta'kidlagan hamda Bosh prokuratura sudning ushbu xati bilan to‘liq kelishadi.

 Shu o‘rinda yana bir bora, ommaviy axborot vositalaridan bunday mazmundagi maqolalarni e'lon qilishdan oldin xolislikni ta'minlash maqsadida tegishli tergov organlari yoxud sudning tegishli munosabatini olish uchun murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz.

«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga binoan, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e'lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta'sir ko‘rsatish taqiqlanadi.

Shunga ko‘ra, hozirda mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqilayotganligini inobatga olib, toki sud hukmi chiqmasdan turib, sudga boshqacha yo‘llar bilan ta'sir ko‘rsatishga qaratilgan bu kabi maqolalarni e'lon qilmaslikni qat'iy talab qilamiz.

Jinoyat-protsessual kodeksida sud faqat sud majlisida tekshirilgan ishonchli dalillarga asoslanib hukm chiqarishi va bu sudning mutloq vakolatiga kirishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: