Yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan ota-onalar uchun qulaylik yaratish, umumta'lim maktablari o‘quvchilarini asosiy turdagi o‘quv qurollari, kiyim-kechak va poyabzallar bilan ta'minlash maqsadida joriy yilning 10 avgustidan – 10 sentyabrigacha O‘zbekiston Respublikasi hududlaridagi buyum va oziq-ovqat (dehqon) bozorlarida, yirik savdo majmualari va do‘konlarda maktab yarmarkalari tashkil etiladi.
Xalq ta'limi vazirligi xabariga ko‘ra, maktab yarmarkalarining 931 tasi umumiy o‘rta ta'lim maktablarida, 293 tasi aholi gavjum bozorlar hududi va atroflarida, 528 tasi yirik savdo kompleksi va do‘konlarda tashkil etilmoqda.
Respublikadagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o‘quv qurollari va jihozlari sotuvi amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, maktab yarmarkalarini keng assortimentdagi o‘quv qurol, kiyim-kechak, poyabzal va zaruriy mahsulotlar bilan ta'minlash maqsadida ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari va xususiy tadbirkorlar keng jalb etiladi.
Maktab yarmarkalari faoliyatini samarali va uyushqoqlik bilan tashkil etish, jamoat tartibini saqlash, yong‘in xavfsizligi, sanitariya va boshqa zarur xavfsizlik tadbirlarini nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish bo‘yicha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar mas'ul etib belgilandi, deyiladi vazirlik xabarida.