Livanda yangi hukumat tarkibi tasdiqlandi

Jahon 19:56 887

Livan prezidenti Jozef Aun bosh vazir Navaf Salom boshchiligidagi yangi hukumat tarkibini tasdiqladi. Bu haqda prezident kanselyariyasi ma’lum qildi.

Livanni og‘ir iqtisodiy inqirozdan olib chiqishi va Isroil harakatlarining halokatli oqibatlarini bartaraf etishi kerak bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi tarkibidan 24 nafar vazir o‘rin oldi.

Respublika prezidenti bosh vazir vazifasini vaqtincha bajarib kelgan Najib Mikati hukumatini iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Navaf Salom — diplomat va BMT Xalqaro sudining sobiq raisi, u Livan sud tizimini va iqtisodiyotni isloh qilishga, shuningdek, mamlakatda barqarorlikni ta’minlashga va’da berdi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar boshlarida Livan parlamenti ovoz berishning ikkinchi turida armiya bosh qo‘mondoni Jozef Aunni mamlakat prezidenti etib saylagandi. Ekspertlar mamlakatdagi deyarli barcha siyosiy kuchlar, jumladan, «Hizbulloh»ni ham qanoatlantiradigan nomzod bo‘lgani tufayli uning saylanishi ehtimolini yuqori baholayotgandi.

Livanda prezidentni saylash jarayoni Konstitutsiya va hokimiyatning konfessional taqsimotiga asoslangan mamlakat siyosiy tizimining o‘ziga xos xususiyatlari bilan tartibga solinadi. Livan prezidenti 128 deputatdan iborat parlament tomonidan olti yil muddatga saylanadi va u ketma-ket ikkinchi muddatga ushbu lavozimni egallay olmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: