Minsk shahrida I Belarus – O‘zbekiston yoshlar IT forumi ish boshladi

Jamiyat 15:22 / 06.08.2019 2587

Joriy yilning 5-9 avgust kunlari Belarus poytaxti Minsk shahrida I  Belarus – O‘zbekiston yoshlar IT forumi bo‘lib o‘tmoqda. Loyiha dasturi to‘rtta sessiyadan iborat bo‘lib, unda sohadagi yetakchi mutaxassislar ishtirokidagi o‘quv mashg‘ulotlari, yangi texnologiyalar namoyishi, muloqot bahslari  o‘tkaziladi. Mazkur forumda yurtimizdagi 30 nafar faol yoshlardan tuzilgan delegatsiyaga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranboyev boshchilik qilyapti.  

Forum ishi oldidan Belarus yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida  o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlarning axborot texnologiyalarini rivojlantirish borasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama etilib, istiqbolli hamkorlik rejalari belgilab olindi. 

Xalqaro hamkorlik maydonida “Digital Generation Uzbekistan” loyihasi tashkilotchilari tomonidan  25 nafar yoshlardan iborat guruh ham qisqa muddatli malaka oshirmoqda. Ular Belarusdagi “Yuqori texnologiyalar parki”da  o‘z loyiha va takliflari taqdimotini namoyish etib, IT sohasida biznes yuritish va mehnat bozori kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lyapti.

Shuningdek, ikki davlat yoshlari uchun Belarus Respublikasining Minsk shahrida Belarus-O‘zbekiston yoshlarining axborot texnologiyalari sohasidagi yozgi oromgohi  ham tashkil etilgan.  Oromgohda belaruslik yoshlar bilan bir qatorda 30 nafar o‘zbekistonlik yosh veb dasturchilar, 3D modellashtirish, robototexnika, mexatronika, mobil ilova yaratish sohalarida faoliyat yuritayotgan yoshlar Belarus Respublikasining IT kompaniyalari faoliyati bilan tanishish va  tajriba almashish bilan birga  yetakchi dasturchilar tomonidan tashkil etiladigan o‘quv dasturida ham qatnashmoqda. 

Delegatsiyamiz vakillari xizmat safari mobaynida Belarus Milliy kutubxonasi, Belarus Davlat Tarix muzeyi,  Minsk shahri  va mamlakatning boshqa diqqatga sazovor maskanlari bo‘ylab sayohat qilib, “Wargaming” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqadi. 

Joriy yilning sentabr oyida belaruslik 30 nafar yosh dasturchilar O‘zbekistonga taklif etilib, yurtimiz yoshlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashi ko‘zda tutilmoqda.

I  Belarus – O‘zbekiston yoshlar IT forumi  har ikki mamlakat yoshlari uchun axborot texnologiyalar sohasidagi zamonaviy muammolarni muhokama qilish, yangi texnologiyalar bilan tanishish, o‘zaro bilim va ko‘nikma almashish uchun platforma vazifasini bajaradi.

Ko‘proq yangiliklar: