Buxoroda navbatdagi soliq mojarosi. Vobkent tuman DSIdan norozi tadbirkor Oliy suddan adolat kutmoqda

Jamiyat 22:21 / 06.08.2019 24077

Bugungi kunda soliq idoralari va tadbirkorlar o‘rtasida qonunni qo‘llash yuzasidan o‘zaro nizolar va tushunmovchiliklar uchramoqda.

Kun.uz tahririyatiga tadbirkorlar tomonidan yo‘llanayotgan turli murojaatlar ham bu holatni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Tadbirkorlar va soliq idoralari o‘rtasidagi nizolar saytimizda jurnalistik surishtiruvlar asosida yoritib borilmoqda.

Tahririyatga shu mazmundagi navbatdagi murojaat Buxoro viloyati, Vobkent tumanida yashovchi tadbirkor «Bukhara airways plus» MChJ rahbari Sulton Sayfiyevdan kelib tushdi.

Tadbirkor o‘z murojaatida Vobkent tumani davlat inspeksiyasi mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan noroziligi, o‘ziga nisbatan nohaqliklar qilinayotganini ta'kidlagan.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Buxoroda bo‘lib, tadbirkor bilan suhbatlashdik va uning e'tirozlarini tingladik.

«Asosan aholiga aviachiptalar sotish va turizm xizmatlari bilan shug‘ullanamiz. 2010 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqdamiz. Ko‘p yillik tajribamizdan kelib chiqib, Buxorodan Vladivostokka xalqaro charter reys qo‘yishni maqsad qildik. Chunki, bu yo‘nalishga talab ko‘p edi. Buning imkoniyatlarini o‘rganib chiqdik. Vladivostokka bir necha marta borib keldim va oxiri maqsadimga erishdim. 2018 yil fevral oyida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK bilan shartnoma tuzib, o‘sha yil 1 apreldan birinchi charter reysni amalga oshirdik. Bu jarayon ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritildi. 2018 yil 1 apreldan 18 avgustga qadar 6 marta shunday charter reys amalga oshirildi. Uchta reysda zarar ko‘rgan bo‘lsak, keyingi uchta reysda daromad oldik. Bu faoliyatni boshlashdan avval biz soliq idorasi mutaxassislari bilan maslahatlashganmiz. 2018 yil 1 aprelga qadar yagona soliq to‘lovchisi edik. Ular umumiy belgilangan soliq turiga o‘tishimizni tavsiya qilishdi va Soliq kodeksining 216-moddasini ko‘rsatishdi. Biz olgan foydamizdan 20 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘laganmiz. Tegishli tartibda hisobotlarni topshirib kelganmiz. Keyin Vobkent tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan umumiy aylanma mablag‘dan 20 foiz QQS to‘lash talab qilina boshlandi. Bu nohaqlik edi. Hozir nizo davom etmoqda», – deydi biz bilan suhbatda Sulton Sayfiyev.

O‘rganishimiz davomida masalaga oid hujjatlar bilan tanishib chiqdik.

Ma'lum bo‘lishicha, kameral nazorat natijalari bo‘yicha Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi «Bukhara airways plus» MChJga soliq to‘lovlari bo‘yicha tafovut va xatoliklarni bartaraf etish yuzasidan talabnoma kiritgan. Kameral nazorat natijasida tafovut 1 milliard 340 million 636 ming 200 so‘mligi aniqlangan va tadbirkorga shuncha miqdorda soliq qarzi yuklangan.

Shundan so‘ng, «Bukhara airways plus» MChJ tomonidan Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasiga 2018 yil 16 noyabrda Soliq kodeksining 216-moddasiga ko‘ra, faoliyati qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgani va soliq qarzi yo‘qligi haqida bildirishnoma yuboriladi.

Xo‘sh, Soliq kodeksining 216-moddasida o‘zi nima deyilgan?

Soliq kodeksi, 216-modda – Xalqaro yo‘nalishda tashishlarga soliq solish

Xalqaro yo‘nalishda tashishlar bo‘yicha ko‘rsatiladigan quyidagi xizmatlarni realizatsiya qilish oborotiga nol darajali stavka bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i solinadi:

tranzit yuklarni O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab tashish. Tranzit yuklarni tashish jumlasiga yukning tranzitini amalga oshirish uchun chet ellik shaxslar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar yoki xalqaro (idoralararo) transport bitimlari hamda bojxona organlarining mazkur tranzit yuklar haqiqatda olib kirilgani va olib chiqilgani to‘g‘risida belgilari mavjud bo‘lgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali chet el tranzit yuklarini tashish va ularga xizmat ko‘rsatishga doir xizmatlar kiradi;

yo‘lovchilar, bagajlar, yuklar va pochtani xalqaro yo‘nalishda tashish. Agar jo‘natish punkti yoki tayin etilgan punkt O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan bo‘lsa, tashishlar yagona xalqaro tashish hujjatlari asosida rasmiylashtirilgan taqdirda, xalqaro yo‘nalishlarda tashish hisoblanadi.

Tadbirkor va soliq idorasi o‘rtasidagi nizo aynan shu moddani talqin qilish yuzasidan kelib chiqmoqda.

Mazkur nizo 2019 yil 26 mart kuni Vobkent tuman davlat soliq inpeksiyasi da'vosi bilan dastlab Peshku tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqiladi va tuman DSIning da'vosi rad etiladi.

Vobkent tuman DSIning apellyatsiya tartibida bergan shikoyati Buxoro viloyat iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining qarori bekor qilinadi va soliq idorasining da'vosi to‘liq qanoatlantiriladi.

Biroq, tadbirkor apellyatsiya instansiyasi ajrimidan norozi. Uning fikricha, fuqarolarga xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha aviachipta sotgani uchun QQS belgilanmasligi lozim, butun dunyoda bunday amaliyot yo‘q, soliq idoralari tomonidan faoliyatiga nisbatan ushbu modda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Sizningcha ushbu vaziyatda kim haq? Tadbirkormi yoki soliq idorasi?

Ma'lum bo‘lishicha, mazkur nizo ayni vaqtda tadbirkorning nazorat tartibida yo‘llagan shikoyatiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ko‘rib chiqish uchun tayyorlanmoqda ekan. Yuqoridagi savolga Oliy sudning qarori qabul qilingandan so‘ng batafsil javob olishimiz mumkin.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Bardoshbek Samad o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: