Bosh prokuratura: O‘rta Chirchiqda fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi uning vazir haqidagi videosiga aloqador emas

Jamiyat 21:40 / 06.08.2019 15994

6 avgust kuni telegramdagi «Alimoff» kanalida 12 iyun kuni «Ozodlik»da chiqqan video muallifiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, u gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilinayotgani haqida xabar chiqdi. Unda «O‘zbekiston vazir va oddiy fuqaro birga yashay oladimi? Videoni ko‘rib fikr bildiring!» nomli videoxabar muallifi, O‘rta Chirchiq tumanida istiqomat qiluvchi Mirsaid Haydarov Aloqa va axborotlashtirish kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqovning uyining oldini videoga olib, vazirning uyini oldi asfalt qilingani, oddiy xalq yuradigan ko‘cha esa loy ekanligini ko‘rsatgani uchun, unga nisbatan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma'lumot berilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ning jinoyat ishi haqida ma'lumot berishni so‘rab qilgan murojaatiga javob yo‘lladi. Unga ko‘ra, fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 12 iyun kuni e'lon qilingan videoga aloqador emasligi ma'lum bo‘ldi.

«O‘rta Chirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 24 iyul kuni fuqaro M.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi (nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga O‘rta Chirchiq tumani «Qurama ovul chuvuldoq» mahalla fuqarolar yig‘ini Saxovat ko‘chasida yashovchi N.S. va uning ukasi R.M.ning 3 iyul kuni O‘rta Chirchiq tuman prokuraturasiga fuqaro M.X. farzandlarini ko‘rish bahonasida yashash xonadoniga kelib, janjal chiqarib, oilasini sharmanda qilish maqsadida muntazam ravishda turli idoralarga tuhmatdan iborat arizalar bilan murojaat qilib kelayotganligi bois unga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab yo‘llagan arizalari asos bo‘lgan.

Jumladan, fuqaro M.X. 6 may kuni O‘rta Chirchiq tumani IIBga, 14 may kuni  Ichki ishlar vazirligining ishonch telefoniga, 19 may kuni tuman IIB boshlig‘i nomiga, 16 iyun kuni O‘rta Chirchiq tumani IIBga, 7 iyun kuni Toshkent viloyat prokuraturasiga, 17 iyun kuni O‘rta Chirchiq tuman prokuraturasiga yo‘llagan arizalarida sobiq turmush o‘rtog‘i N.S., sobiq qaynonasi L.S. va sobiq qaynukasi R.M.ning xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilgan. Lekin o‘rganish jarayonida (xususan, videokuzatuv kamerasi orqali olingan tasvirlar orqali) ushbu arizalarda keltirilgan vajlar o‘z isbotini topmagan, aksincha ularga nisbatan tuhmat qilganligi aniqlangan.

Aniqlanishicha, M.X. 22 yanvar kuni O‘rta Chirchiq tuman ma'muriy sudining qaroriga ko‘ra, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (tuhmat), 41-moddasi (haqorat qilish), 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi 1-qismida (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) ko‘rsatilgan ma'muriy huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, tayinlangan 10 sutka ma'muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqan.

Mazkur jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga ijtimoiy tarmoqlarda 12 iyun kuni e'lon qilingan «O‘zbekiston vazir va oddiy fuqaro birga yashay oladimi? Videoni ko‘rib fikr bildiring!» sarlavhali videorolik asos bo‘lmagan hamda videorolikning jinoyat ishiga aloqasi mavjud emas», deyiladi Bosh prokuratura izohida.

Ko‘proq yangiliklar: