10-11 avgust kunlari dunyoning eng kuchli bilimdonlari Toshkentda yig‘iladi

Jamiyat 16:18 / 06.08.2019 11723

10-11 avgust kunlari Toshkent shahrida Shodiyev Xalqaro fondi tomonidan tashkil etilayotgan Intellektual o‘yinlar bo‘yicha III Yevroosiyo kubogi bo‘lib o‘tadi. Festival doirasida taniqli «Nima? Qayerda? Qachon?» («Chto? Gde? Kogda?») o‘yinining sport talqini bo‘yicha bellashuv, «Svoya igra» individual turniri va ommalashib borayotgan «Xamsa» jamoaviy viktorinasi o‘tkaziladi.

Mazkur keng ko‘lamdagi tadbir O‘zbekistonda ilk marta tashkil etilmoqda. Festivalni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston aholisi orasida intellektual o‘yinlarni ommalashtirish hisoblanadi. Turnir doirasida Toshkentga Maksim Potashyov («Nima? Qayerda? Qachon?» televizion klubining magistri), Aleksandr Rubin («Billur ukki» sovrinining ikki karra sohibi, «Nima? Qayerda? Qachon?» Xalqaro klublar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti), Aleksandr Korobeynikov («Nima? Qayerda? Qachon?» o‘yini bo‘yicha jahon chempioni) kabi ko‘plab dunyoning taniqli bilimdonlari tashrif buyuradi. Ular o‘zbekistonlik bilimdonlar bilan o‘yindagi tajribalarini o‘rtoqlashishadi va intellektual o‘yinlarning har bir inson hayotida tutgan o‘rni hamda foydali jihatlari haqida ma'lumotlar berishadi. Turnirga shuningdek, «aqlli» o‘yinlarning yosh ixlosmandlari ham tashrif buyurib, professional bilimdonlar bilan tanishish va mahorat darslarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishadi. Tadbirda O‘zbekiston jamoalari bilan bir qatorda dunyoning turli burchaklaridan, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Germaniya, Latviya va boshqa davlatlardan kelgan jamoalar ishtirok etishi kutilmoqda. Joriy yilda 25ta kuchli jamoa birinchilik uchun o‘zaro bellashadi. Turnir so‘ngida Intellektual o‘yinlar bo‘yicha Ozarboyjon poytaxti Bokuda o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etishga muvaffaq bo‘la oladigan mintaqaning eng kuchli bilimdonlari aniqlanadi.

«Nima? Qayerda? Qachon?»ning sport talqini televizion o‘yindan biroz farq qiladi: unda bir vaqtning o‘zida bir necha jamoa birgalikda o‘ynaydi, javoblar esa yozma shaklda topshiriladi. Turnir doirasida bilimdonlarga 72ta savol yo‘llanadi va eng ko‘p to‘g‘ri javoblarni topgan jamoa g‘olibga aylanadi.

Turnir tashkilotchisi Shodiyev Xalqaro fondi – nodavlat xayriya tashkiloti bo‘lib, unga O‘zbekistonda tavallud topgan Fattoh Qayumovich Shodiyev tomonidan 1996 yilda asos solingan. Fond faoliyati yoshlarning hayotini yanada yaxshi tomonga o‘zgartirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘z salohiyatini to‘laqonli ravishda ochib berishda ko‘maklashish va ularning bolaligini yanada yorqinroq, baxtiyor qilishga qaratilgan.

Dastavval talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan fond o‘tgan 23 yil ichida Yevroosiyoda ilm-fan, san'at, ta'lim, innovatsiya va xayriya faoliyatini rivojlantirish hamda targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan chinakam xalqaro markazga aylandi. Joriy yilda ham fond o‘zbekistonlik bilimdonlar ligasi – «O‘z-liga» uchun butun dunyodan mehmonlarni qarshi olishdek sharafni taqdim etuvchi mana shunday keng ko‘lamdagi intellektual tadbir tashkil etmoqda. O‘zbekiston jamoalariga o‘z yurtida dunyoning taniqli bilimdonlari bilan birgalikda ajoyib turnirda ishtirok etish imkoniyati beriladi. Bu kabi tadbirlar nafaqat O‘zbekistonning intellektual harakatini rivojlantirishga, balki savodxonlikni oshiruvchi o‘yinlarni dam olishning bir shakli sifatida ommalashtirishga ham imkon beradi.

Turnirga tashrif buyurishni istaganlar sevimli jamoalarini qo‘llab-quvvatlashi yoki mashhur bilimdonlar bilan tanishishlari va Intellektual o‘yinlar bo‘yicha III Yevroosiyo kubogi jarayonini bevosita jonli kuzatishlari mumkin. 10 avgust soat 10:00da ishtirokchilar hamda mehmonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish yakunlanadi va turnirning tantanali ochilish marosimi boshlanadi. Tadbir Toshkentdagi Wyndham Hotel Tashkent  mehmonxonasida ikki kun – 2019 yilning 10-11 avgust kunlarida o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: