Toshkentda baliqchi qarmog‘iga inson jasadi ilindi. U qotillik qurboni bo‘lishi ham mumkin (video)

Jamiyat 18:20 / 05.08.2019 117918

Toshkent markazidan oqib o‘tuvchi Katta Bo‘rijar kanalining Novza (sobiq Komil Yormatov) ko‘chasi hududi qismidan o‘tuvchi qismida, «O‘zbekfilm» oshxonasi yonidagi piyodalar ko‘prigi ostida ov qilayotgan mahalliy baliqchining qarmog‘iga inson jasadi ilingan.

Voqea bevosita Kun.uz sayti ofisi yaqinida yuz bergani uchun operator va muxbirlardan iborat guruh hodisa joyiga yetib bordi.

Ma'lum bo‘lishicha, B. ismli baliqchi bugun, 5 avgust kuni soat taxminan 10:00larda ko‘prik tagida baliq ovlayotgan bo‘lgan. Qarmoqqa nimadir ilingani his qilgan baliqchi uni tortganida suv yuzasiga inson tanasi orqa tomoni bilan qalqib chiqadi. Cho‘chib ketgan baliqchi bexosdan qarmoqni keskin tortib yuboradi va ip uzilib ketadi. Shundan so‘ng baliqchi 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiladi va voqea joyiga ichki ishlar, FVV, mahalla nozirlaridan iborat guruh yetib keladi.

Bu orada jasad Bunyodkor shoh ko‘chasi tomon taxminan 300 metr oqib boradi va suvdagi daraxt shoxiga ilinib qoladi. FVVning ikki xodimi jasadni shoxdan ajratib, qirg‘oqqa olib chiqdi. Ko‘rinishidan bu yosh erkak kishi bo‘lib, dastlabki ma'lumotlarga qaraganda taxminan 2 kun ilgari suvga cho‘kib ketgan. Katta Bo‘rijar kanali yo‘lga nisbatan taxminan 6-7 metr chuqurlikda joylashgani jasadni olib chiqishda qiyinchilik tug‘dirgani uchun qo‘shimcha kuchlar chaqirilgan va jasadi chiqarib olingan.

Jasad kiyimda bo‘lgani, hujjatlari ham cho‘ntagida ekaniga qaraganda u cho‘milish maqsadida suvga tushmagan. Taxminlarga ko‘ra, u baxsiz hodisa tufayli suvga tushib ketgan yoki ataylab tushirib yuborilgan, bu borada aniq ma'lumotlar tergov jarayonida ma'lum bo‘ladi. Yonidan topilgan pasportga ko‘ra, fuqaro bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida bo‘lgan.

Hodisa yuzasidan IIBBning rasmiy xabari hozircha e'lon qilingani yo‘q.

 "Aziz yurtdoshlar, suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga rioya qiling!"

Ko‘proq yangiliklar: