Jimlikni jinoyatga tenglashtirish fursati kelmadimi?

Jamiyat 23:28 / 04.08.2019 67077

Ko‘zlar ochilishi uchun «osmon gumburlashi» kerakmi? Nega avvaliga jimlik, keyin, vaziyat jiddiylashib, biron kor-hol yuz bersagina yoxud mamlakat prezidenti so‘z ochsagina mas'ul rahbarlardan munosabatlar do‘l kabi yog‘ila boshlaydi? Go‘yo mas'ullar kunning achchiq muammolari haqida shu tobgacha hech narsa bilmagan-u, «erta tongda» bilib qolishdi? 

Hokimlarning qilg‘iliqlari haqida, «snos»lar jarayonida sodir etilayotgan qonunbuzarliklar haqida avval ma'lum emasmidi? Yoki qonuniylikni nazorat qiluvchi mas'ul idoralarga shikoyatlar borib yetmadimi yoki, loaqal, mas'ullar internetga kirishmaydimi?  

Oy emas — yillab davom etayotgan, internet sabab omma nazaridagi asosiy mavzulardan biriga aylangan bu muammo haqida oxirgi kunlarda deputatlarning chiqishlarini, Adliya vaziri R.Davletovning, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari K.Allamjonovning keskin va o‘rinli so‘zlarini o‘qidik, bosh vazir A.Aripov (prezident topshirig‘i bilan) o‘tkazgan selektor majlislarini kuzatdik.  

Birgina savol — bir yil emas, mayli, 20 kun oldin qayerda edingiz?

Mamlakat hayotida yuz berayotgan voqealarni muntazam kuzatib borishi va prezidentga ma'lumot berishi lozim bo‘lgan Prezident Administratsiyasi rahbari Z.Nizomiddinov, mamlakatda qonuniylik nazoratini olib borishi lozim bo‘lgan Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev, qayerda edingiz?  

Nega mamlakat telekanallari, toki Prezidentning munosabati yangramaguncha, «snos»lar sohasida bo‘layotgan qonunbuzarliklar haqida lom-mim deyishmadi? Ijtimoiy tarmoq va internet OAVlarida bu haqda qilingan «oh-voh»lar ovozi quloqlariga yetib bormadimi?  

Qachon mamlakatimizda yuz berayotgan, ba'zida chidab bo‘lmas holatlarga nisbatan biz — hammamiz yagona jamiyat o‘laroq munosabat bildirishga o‘tamiz? Bu uchun bizga buyruq kerakmi? Vijdon amrining o‘zi yetarli emasmi?  

Har qanday og‘riqli muammo o‘z vaqtida — boshlanishida o‘ziga yarasha munosabat «zarbini» totsagina gazak olib ketishi oldi olinadi — o‘z vaqtida yechimini topishi mumkin bo‘ladi. Bu degani — yuzlab, minglab, ba'zida millionlab odamlar o‘sha muammoning achchiq oqibatlaridan sug‘urta qilinadi, degani. Bu — oddiy mantiqiy haqiqat. Uni demokratik davlatlar yaxshi o‘zlashtirib olishgan va bunday davlatlarda mas'ullar voqealarga munosabatni va ketidan keladigan choralarni kechiktirishmaydi. Zero, bilishadi — kechiktirishsa, jamiyat ularni kechirmaydi. Qat'iy ahloqiy qoida bu ularda.

Bizda esa jimlik afzal ko‘riladi. Nega? Chunki mas'ullarning ongida «jamiyat kechirmaydi»ning o‘rnida boshqa bir narsalar ustun, «jamiyat kechirmaydi» ma'murchiligimizning asosiy me'zoniga aylanmagan. 

Toki davlat xodimlari uchun jamiyat oliy hakam emas ekan, ma'murchilik binosi shu asosda qurilmas ekan, biz muammolarga qarshi butun immunitetini safarbar etadigan organizmga aylana olmaymiz. Balki bir a'zosi muammolar haqida signal berib chiranadigan, boshqa a'zosi esa jim turadigan, shu sababdan dardlarga asir bo‘lgan tanaga o‘xshab turaveramiz.  

Va toki biz jimlikni jamiyat o‘laroq quvg‘in qilmas ekanmiz, o‘z o‘rnida uni jinoyatga tenglashtirmas ekanmiz, hayotimiz muammolarning doimiy zanjiriga, chamasi, ulanib qolaveradi.

Jimlikni bas qilaylik, janoblar!

Shokir ShARIPOV

Ko‘proq yangiliklar: