Ham «xo‘rda»dan, ham «burda»dan... Toshkent shahridagi xususiy investorlar faqat uy qurishga ixtisoslashganmi?

Jamiyat 08:00 / 04.08.2019 32755

Sarlavha biroz ayovsiz qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Bu kim uchundir serda'vo tuyulishi mumkin. Qo‘ldan kelgancha izohlashga harakat qilaman.

Chirigan elektr ta'minoti

Kamina ko‘p qatori poytaxtning «dom»laridan birida istiqomat qiladi. O‘zbekistonda – so‘nggi paytlardagi bunyodkorliklar, jadallik bilan borayotgan yangilanishlar madhidan o‘zimni tiygan holda, bitta achchiq haqiqatni ham tilga olib o‘tmoq lozim. Iyul oyida, yoz chillasi zabtiga olgan jaziramasi – bir haqiqatning el aro oshkor bo‘lishiga sabab bo‘ldi: elektr ta'minotimiz bu qadar kuchli talabni qondira olmas ekan. Bu holat avvallari viloyatlarda kunda-kunora kuzatilib kelgan, unga biz – «ahli poytaxt» birda e'tibor qilib, birda ko‘z yumib kelgan bo‘lsak, jaziramada, beton qafas aro sovutkichsiz qolish azobi boshimizga tushgach, yoppasiga e'tiroz bildirib qoldik. Jondan o‘tdi-da.

Yashirmayman, o‘zim ham – boshda ikki-uch soat, keyin-keyin yarim kunlab va nihoyat, sutkalab elektr ta'minotida uzilish bo‘lgach, ijtimoiy tarmoqlarda «dod solish»ga o‘tdim. O‘tdim-u, goh oshkor, goh pinhona dashnom orasida qoldim: «Ha, qalay bo‘larkan?», «Viloyatlarda bu – odatiy hol-ku, «Biz dod solganda, eshitmagan edinglar» va hokazo.

Dashnomchilarniyam tushunish mumkin. Boshidan o‘tgan. Qurbaqaniyam bossang, vaqqillaydi. Boz ustiga, yil-o‘n ikki oy – qishda tezag-u, o‘tin, yozda chang-chungga botib, gaz-u chiroqqa dar qolib yashash kimga yoqibdi. Ammo ana shu dahanaki tortishuvlar aro bir fikrda barcha yakdil bo‘ldi: mamlakatdagi elektr ta'minoti bilan bog‘liq mexanizmlar eskirib ketgan. Bugun har yerda hozir ijtimoiy tarmoq deganlarida kunda-kunora qaysidir podstansiyaning yonib ketayotgani va yoxud chirib ketgan simlar bilan zo‘rg‘a ishlab turgan xarob suvratlari qo‘yilganini ko‘pchilik ko‘rgan chiqar.

Bu masala faqat bugunga kelib dolzarb bo‘ldi, degan fikrni aytishdan mutlaqo yiroqmiz. Urf bo‘lgan yo‘sinda aytsak, u – «yillar davomida to‘planib qolgan masalalar»dan biri. Hatto davlat rahbari ham bu masalaga huv o‘sha, prezidentlik lavozimiga kirishishdan oldinoq to‘xtalib, holatni «...mamlakat bo‘yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan bo‘lib, transformator punktlari zo‘riqib ishlamoqda. Dastur doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ming 600ta eskirgan transformator podstansiyasini almashtirish nazarda tutilmoqda», – deya baholagan edi. Shundan keyin, ya'ni 2017 yil 2 mayda qabul qilingan prezident qarori bilan 2017-2021 yillar davomida mamlakatdagi ishlab turgan 32ta GESni yangilash, bundan tashqari 42ta yangi gidroelektr stansiyasini barpo etish ko‘zlangan edi.

Bular yaxshi. Lekin asosiy mavzudan chalg‘imasdan aytamizki, bugun poytaxtdagi elektr ta'minotida – yumshoqroq qilib aytganda, islohotlar samarasi kuzatilgani yo‘q. Aks holda shuncha odam yozg‘irib, dardini dasturxon qilib o‘tirmagan bo‘lar edi. Aniq misollar kerak, deguvchilarga istalgan paytda, istagancha misol topib beramiz.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqni «portlatayotgan» bir xabar, ya'ni elektr energiyasi tariflarining oshishi ­– bu muammolarni bartaraf etishiga judayam ishongimiz keladi-yu, ammo... Endi ana shu «ammo»sini izohlash va yoxud odatda bo‘ladiganidek, xaspo‘shlash – mutasaddilarga tan. Lekin bilmadik-da. Narx oshgani – muammoning davosi bo‘lsa, ana, benzin taqchilligiga davo bo‘lardi. Chunki 2016 yilda, dastlabki bor, ya'ni litri 2075 so‘mlik AI 80 markali benzin – avval 2800 so‘m, keyinroq 4000 so‘m bo‘lganda, aytishgandiki, «Endi narxlar erkinlashdi, muammo qolmadi» deb. Bu «erkinlashish» hanuz davom etmoqda...

Boz ustiga, ya'ni biror metr yangi elektr uzatish liniyalari tortib kelinmagan bir sharoitda, aniqrog‘i, quvvat shundog‘am yetmay turgan bir sharoitda – yangi uy-joylarning orqa-o‘ngiga qaramasdan qurib yotilgani esa... Fikrimizni shu nuqtada davom ettirsak.

Bir dumalab, «uylarga aylanib qolayotgan» inshootlar...

Keyingi mulohazalarga o‘tishdan oldin misolni yana shaxsan o‘zim guvohi bo‘lgan manzaradan boshlasam.

Ko‘p qavatli «dom»imiz qarshisida, anchadan beri xandaqlari kavlanib, qurilishi boshlanmay yotgan bir sarson imorat bo‘lardi. Bir zamonlar, sho‘ro davrida kinoteatr sifatida faoliyat ko‘rsatgan, yosh-yalangning sevimli «pakkasi» hisoblangan bu joyni kimdir sotib olgan edi chog‘i. Talay yillar davomida atrofi o‘ralib, xarobasi chiqib, shumshayib yotdi. Ikki-uch yil burun, inqilobiy o‘zgarishlarga shitob bilan start berilgan chog‘da bino atrofidagi tunuka olib tashlanib – zamondan qolmay, qabilidagi ajib bannerlar bilan o‘rab olindi. Unda bo‘lg‘usi binoning tashqi ko‘rinishi ko‘zni  qamashtirgulik bir ko‘rinishda, ohanjama bilan ishlanib, ostida «Torgovo-razvlekatelnyy kompleks», degan noma bitildi. Adashmasam, o‘sha tasvirdagi «kompleks»i qurmag‘ur ikki yo uch qavatdan iborat edi.

Shu bilan, hash-pash deguncha, jumla-jahonga na'ra taratib, o‘tgan-qaytgan moshinani g‘isht-u qum dastidan bezor qilib, qurilish ham boshlanib ketdi. Bugun esa mana, sakkiz qavatdan o‘tibdi hamki, qurilish to‘xtamaydi. Endi bu chala imorat peshtoqlariga «Jiloy dom. Otdel prodaji: ...» deya telefon raqamlar ham ilingan, deng.

Sobiq uch qavatli «savdo-ko‘ngilochar uyi» qandoq qilib turar-joyga aylanganiga aqlim bovar qilmay, azbaroyi qiziquvchanlik vajidan, o‘sha ko‘rsatilgan raqamlarga qo‘ng‘iroq qildim. Shunda qanday javob eshitdim, deng. Bu uydagi xonadonlarning har bir kvadrat metri narxi – oz emas, ko‘p emas, 13 million so‘m ekan. Rasmiy kursga chaqadigan bo‘lsak, bu – 1 yarim ming dollardan ziyod degani. Xonadonlarning o‘rtacha maydoni 100 kvadrat metr bo‘lsa, demak, o‘sha uyning xaridori naq 150 ming dollarni yoki 1 milliard 300 million so‘mni qurtdek sanab berishi lozim ekan-da... Uydagi kamida 50ta xonadonni pulga chaqsak-chi?.. Ana sizga «savdo-ko‘ngilochar uyi»ning «bir dumalab» «ko‘p qavatli dom»ga aylanib qolgani naqli. Pul o‘lsin-a... Aytmoqchi, bu muhtasham uy yonboshidagi, respublikada yagona bo‘lgan bir qavatligina Bolalar kutubxonasi mung‘ayibgina turibdi...

Bu – kamina turadigan mavzedagi yagona holat bo‘lsa, go‘rga edi. Bundan bir yil oldin «Ko‘pga kelgan to‘y» qabilida – Toshkentdagi ko‘p qavatli uylar orasidagi garajlar buzilganda, bu holat bizning mavzeni ham chetlab o‘tmagandi. Qo‘ni-qo‘shnini dod-voylatib, garajlar yoppasiga buzildi, deng. Mashinamni qayoqqa qo‘yaman, degich da'vogarlarga «Ana, yaqinda uylar orasiga ko‘p qavatli avtoturargoh quriladi. O‘sha yerda beminnat qo‘yaverasiz», degan bahona ro‘kach qilindi. Bir muddatdan so‘ng rostdan ham qurilish boshlandi. Hamma xursand. Lekin... Bugun qarabsizki, o‘sha ko‘p qavatli avtomashinalar turargohi, deb boshlangan qurilish o‘z holicha yotibdi. Lekin uning yonginasida ham naq yetti qavatli yashash uyi qad rostlab turibdi-da. Unisining narxini bilmadik. Chunki hali g‘ishtlari taxlangani yo‘q. Lekin bunisiyam «Otdan qolma, baytalim», qabilida o‘laqolsayam anavi – qo‘shni imoratdan kam bo‘lmasa kerak.

Bugun nima sababdan aksariyat qurilishlarning «novostroyka»larga aylanib qolayotganiga – shaxsan mening aqlim yetmaydi. Aqlim yetgani shuki, bu yangi inshootlar aholi turar-joylaridagi avtomobillar turish joylari, ya'ni «parkovka»sini tum-taraqay qilgani yetmagandek, shu paytgacha qad rostlagan uylar va aholi talabiga moslashgan, aynan ular uchun barpo qilingan infratuzilmalar, ya'ni elektr, suv va gaz, kanalizatsiya tarmoqlariga shundoqqina ulab qo‘yilmoqda.

Yo siz – muhtaram mushtariy, mavzelar ichida qurilgan va qurilayotgan uylar uchun maxsus quvurlar yotqizilganiga, biror metr sim tortib kelinganiga guvoh bo‘ldingizmi? Shaxsan men ko‘rmadim. Harholda, xalqimiz dono. Uning «Mosh sig‘magan joyga loviyani tiqma» degan naqli bor. Nazarimda, boshqa biror naql to‘g‘ri kelmaydi-yov bu holatga...

Quvontirgan va... qo‘rqitgan raqamlar

Qurilish vazirligi tomonidan bitta raqam rasman e'tirof etildi: «O‘tgan 2018 yili O‘zbekistonda 5 mln. kvadrat metr uy-joy qurildi. Bunaqasi tarixda bo‘lmagan. Toshkentda eng ko‘p uy-joy qurilgani – 1987 yilda, ya'ni 1 mln 13 ming kvadrat metr qayd qilingan bo‘lib, o‘tgan yili poytaxtning o‘zida 1 mln 24 ming kvadrat metr uy-joy qurilgan».

Boshqacha aytganda, uy-joy qurishning rekordi o‘rnatildi. Bu – shaksiz, quvonchli raqamlar. Axir ming-minglab yurtdoshlarimizning uy-joyli, boshpanali bo‘lgani odamni xursand qilmay, nima qilsin.

Toshkent shahar hokimligi tarqatgan rasmiy manbalarga tayanadigan bo‘lsak, 2019 yilda poytaxtimizda aholi tomonidan kelib tushayotgan murojaat va talablarni inobatga olgan holda, mahalliy budjet, boshqa manbalar hamda investorlarning mablag‘lari hisobidan, jami 15 972ta xonadonli 350ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Shundan – xususiy tadbirkorlar tomonidan 91ta uy foydalanishga topshirilar ekan.

Quvonchli xabarlar aro bizni eng qo‘rqitgani – ana shu oxirgi raqam bo‘ldi. Chunki anavi 350ta uyning ko‘pchiligi, ya'ni Sergelida bo‘ladimi, Choshtepa-yu Oqtepadami va yoxud boshqa «tepa»dami – manzilli dasturlar asosida, muhimi, butun-butun mavzelar tarzida qurilyapti. Tabiiyki, u yerlarga alohida gaz, suv, elektr energiyasi ham baholiqudrat o‘tkazilmoqda. «Toshkent siti» ham shu tasnifda.

Ammo xususiy tadbirkorlar tomonidan, boz yana deng, aynan markaziy mavzelarda, keyinchalik sotish o‘ng‘ay va mo‘may bo‘lgan hududlarda qurilayotgan uylar uchun – alohida infratuzilma yaratilayotganini kim va qachon ko‘ribdi? Xususiy tadbirkor uchun – uyini bir amallab, o‘sha yerda yashovchilarni yolg‘on-yashiq gaplar bilan aldab, apil-tapil qurib olgani, keyin uni mo‘maygina pullagani hisob. Erta bir kun – chiroq va gaz yetmay qoladimi, yog‘in-sochinda kanalizatsiya to‘lib, hammayoq ko‘lga aylanadimi, suv ta'minoti tizimi abgor bo‘ladimi, unga baribir. Yog‘in-sochinda daryoda suzgandek mashinalarni ham, jaziramada joni bo‘g‘ziga kelgan odamlarning arz-dodini ham ko‘rdik-ku. Azobning borini esa odatdagidek iste'molchi, oddiy xalq tortadi (Aytmoqchi, «tezpishar» tarzda bitkazilayotgan uylarning sifat masalasi ham – alohida mavzu va unga bir kun qaytarmiz).

Tayyor mavzelarga kirib, bo‘yradekkina yerni ko‘rsa, ochofatdek yopishib, bizga noma'lum qay yo‘llar bilan u joylarda uy qurish huquqini qo‘lga kiritayotgan, imorati bitgach, o‘sha yerdagi turg‘un yashovchilarning qonuniy haqi bo‘lgan – elektr, gaz, suvdagi rizqini «tuya qilayotgan», yangi xonadonini esa «otasining bahosi»da pullayotgan bu taxlit «tadbirkorlar»ning ishi – «ham xo‘rdadan, ham burdadan» yulish emasmi? Yolg‘iz o‘zi emasdir, «pushti panohlari» bordir. Boz yana bilmadik...

Ana endi xulosa

To‘g‘ri, besh qo‘l baravar emas. Bizning, yurtdagi bugungi obodlig-u bunyodkorliklarga hech bir xusumatimiz yo‘q. Ammo ko‘rganimizni, eshitganimizni yozayapmiz. Boz ustiga, o‘tgan oyda internetda tarqalgan, shahar hokimining – uy-joylar egalari hamda «investor» atalmish uy qurguvchilar o‘rtasidagi mashmashalarga «qozilik qilgan»i videosini ham ko‘rdik. Shahar rahbariga ham oson emas. Gardanda shuncha tashvish turibdi. Ulardan ortib... o‘zi bo‘ladimi axir. O‘sha – «biznesmenning biznesmenga, biznes tilida master-klass o‘tgan» videosidagi bir holatga diqqat qildingizmi? Ya'ni unda «investor» o‘z og‘zi bilan – qurayotgan uylarining tannarxi kvadrat metriga 500 dollarga tushishini, ammo uning ustiga 20 foiz foydani qo‘shib sotsa, «to‘g‘ri kelmasligi»ni aytib turibdi. Muddao – 1000dan sotish. (Kechirasiz, men ham «dollar tili»da gapirishga majbur bo‘ldim. Chunki o‘sha suhbatning boshdan-adog‘ida gap so‘mda kechgani yo‘q). Ammo kompensatsiya to‘lashga kelganda, tirriqlik.

So‘ramoqchi bo‘lganim shuki, hokimiyat va o‘sha investorlar bilan imzolanadigan shartnomalarda – ma'lum bir uy quriladigan hududga «infratuzilma olib kirish» degan band ham bo‘ladimi? Yo‘qsa, nega narxlar bu qadar osmonga o‘rlab ketmoqda. Yoki yangi qurilayotgan uylarning g‘ishti – tilladan-u, sementiga – kumush kukuni aralashtirilganmi? Aholining xarid imkoniyatini ham hisobga olish kerakmi-yo‘qmi? Kreditga olgan taqdirdayam, qozon-tovog‘ini necha yil suvga tashlab qo‘yishga to‘g‘ri keladi.

O‘rni kelganda yana bir savol bermoqchimizki, buning javobini kutmay qo‘ya qolamiz: mavzelar o‘rtasida quriladigan yangi inshootlarni, ya'ni xalq bugun biroz istehzo bilan tilga olayotgan – «Sag‘bon siti-yu», «Qoraqamish siti»larni shahar tashqarisiga, bo‘sh maydonginalarga qurib qo‘ya qolsa bo‘lmasmikin? Va yoxud bugungidek, shundog‘am nochor va g‘arib, eskirib ketgan quvurlar va simlarga orqa qilib, ularni battar ishdan chiqarib, abgor qilib yuraveramizmi?

Uyni biz qurib, huzurini biz ko‘rib, uning atrofidagi qolgan bor tashvish-u mashmashani kelajak avlodga qoldirsak, uyat bo‘lmasmikin...

Komiljon ShAMSIDDINOV

Ko‘proq yangiliklar: