Joriy yilning 4 avgust kuni Toshkent shahridagi Pushkin nomidagi maydonda Back to school with Uztextile shiori ostida yangi maktab formalari ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan ko‘rgazmada eng yaxshi namunada tayyorlangan yangi maktab formalari, to‘qimachilik mahsulotlari, milliy dizaynerlik markazlari ishlanmalari taqdim etilishi kutilmoqda.
Shuningdek, 2024-2025 o‘quv mavsumidan joriy etilishi kutilayotgan yagona maktab formasi ham keng jamoatchilikka taqdim etiladi. Bundan tashqari, mahalliy bozor rastalariga chiqarilayotgan eng yaxshi turdagi maktab formalari ota-ona, o‘quvchilarga ko‘rsatilishi kutilmoqda. Ko‘rgazma davomida ota-onalar, ishtirokchilar istalgan mahsulotni ishlab chiqaruvchilar o‘rnatgan narxda sotib olishi mumkin.
«Stereotiplar tufayli maktab formasini oq va qoradan iborat qabul qilamiz. Aslida dizaynerlar o‘quvchi salomatligi va kayfiyatiga ijobiy ta'sir qiluvchi, qulay va arzon formalarni yaratish ustida ish olib borishmoqda. Ko‘rgazmada ular ham namoyish etiladi», — deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan uyushma vakili.
Ko‘rgazma davomida estrada xonandalari chiqishlari, madaniy tadbir hamda ko‘ngilochar o‘yinlar, tanlovlar o‘tkazilishi va sovg‘alar tarqatilishi belgilangan.
Toshkent shahri va viloyatidagi barcha maktablar rahbariyatlari, o‘qituvchilar, o‘quvchi va ularning ota-onalari, o‘zbek trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlariga ixlosmand barcha ko‘rgazmaga tashrif buyurishi mumkin. Kirish bepul.