Respublika teri-tanosil kasalliklari klinik shifoxonasi Turkiyadagi «Neolayf» onkologiya markazi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Aytish joizki, so‘nggi yillarda dunyoda ishlab chiqarishning jadal sur'atlar bilan rivojlanishi, atrof-muhit va ekologik zararli omillar, shu bilan bir qatorda, nosog‘lom turmush tarzi ta'sirida inson immun tizimi faoliyati susayishi oqibatida turli teri kasalliklari, jumladan, teri saratoni ko‘payib bormoqda. Bunday kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash va samarali davolashga yo‘naltirilgan innovatsion texnologiyalarni yaratish jahon tibbiyotining dolzarb vazifasiga aylanmoqda.
Mamlakatimizda ham aholiga dermatovenerologiya va dermatoonkologiya sohasida zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish uchun o‘ziga xos infratuzilma yaratilgan. Bu boradagi ilmiy-amaliy loyihalarni yanada kengaytirish tibbiyot oldidagi muhim vazifadir. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyotning turli yo‘nalishlari, jumladan dermatoonkologiya sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Respublika teri-tanosil kasalliklari klinik shifoxonasi bu borada Turkiyadagi eng nufuzli «Neolayf» onkologiya markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi tibbiyot rivojida muhim qadam bo‘ldi.
Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Respublika teri-tanosil kasalliklari klinik shifoxonasi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yetakchi tibbiy-ilmiy muassasadir. Ushbu klinikada yiliga 20 ming nafar bemorga ambulator, 2 ming nafardan ziyod bemorga statsionar tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Mazkur tibbiyot muassasasi keyingi yillarda mamlakatimizdagi yetakchi ilm-fan muassasalari qatorida xorijdagi nufuzli klinikalar bilan ilmiy aloqalarni kengaytirishga alohida e'tibor qaratmoqda. Hozirgi kunda bu yo‘nalishda Rossiyadagi bir qator ilmiy markazlar bilan ham hamkorlik memorandumi imzolandi.
«Turkiyaning «Neolayf» onkologiya markazi bilan hamkorlik doirasida onkodermatologiya yo‘nalishida tajriba almashish, kadrlar malakasini oshirish, jahon tibbiyotining bu sohasidagi yangiliklarini mamlakatimiz tibbiyotiga tatbiq etish yuzasidan qator loyihalarni amalga oshirilmoqda. Bu chora-tadbirlar yurtimizda onkodermatologiya sohasini rivojlantirish, bunday kasalliklarning oldini olish, aholining tibbiy savodxonligini oshirish, diagnostika va davolash ishlarini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.