O‘zbekistonning Seul shahridagi elchixonasi Konsullik bo‘limi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning 1 avgustga o‘tar kechasi Kyongbuk provinsiyasida (Koreya Respublikasi) yuzaga kelgan o‘zaro janjal oqibatida O‘zbekiston fuqarosi R.T. jarohat olib, vafot etdi.
Ushbu jinoyatni sodir qilishda gumonlanib O‘zbekiston fuqarosi S.S. qo‘lga olingan va holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan, deyiladi TIV xabarida.
Elchixona mazkur vaziyatni nazoratga olgan va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining vakillari bilan hamkorlikda marhumning jasadini vatanga yuborish bo‘yicha konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etgan hamda Koreya Respublikasi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Seul shahridagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +82-02-574-65-54, +82-02-577-36-60.