Farg‘onada o‘tkazilgan saylov qarori bekor qilindi 

Jamiyat 15:26 / 02.08.2019 14501

Quva tuman ma'muriy sudi  «Yangiqishloq» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylash bo‘yicha o‘tkazilgan fuqarolar vakillari yig‘ilishining 2019 yil 13 may kungi 2-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, hududdan jami saylovchilarning 12 foizidan kam bo‘lmagan saylovchilar ro‘yxati shakllantirilib, jami 245 nafar saylovchi ishtirokida saylov o‘tkazilgan. Raislikka nomzodlar R.M. 104ta, A.K. esa 91ta ovoz to‘plagani, ularning hech biri saylovda qatnashayotganlarning 50 foizdan ortiq ovoz olmaganligi tufayli qayta saylov tashkil etilgan. Ikkinchi tur saylov natijasiga ko‘ra, A.K. g‘olib, deb topildi. 

Ammo saylovning ikkinchi tur jarayonlarida qonunbuzilish holatlari kuzatilgan. Masalan, Ya.T. birinchi tur saylovda 1 marotaba ovoz bergan bo‘lsa-da, keyingi turda 3 marotaba saylov byulleteni to‘ldirganini tan olgan.  Saylovchi A.P esa jami 4 marotaba qog‘oz to‘ldirgan. 

«Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasi 2 qismiga asosan,  fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqoli) saylashda fuqarolar yig‘inining har bir ishtirokchisi bir ovozga ega bo‘ladi.

Sud ishga taqdim etilgan dalillar, taraflar va guvohlarning ko‘rsatuvlarini o‘rganib, har tomonlama tekshirib chiqib, yuqoridagi qonun normalari buzilgan, deb hisobladi. Quva tuman «Yangiqishloq» MFY raisi saylovini o‘tkazish Quva tuman fuqarolar yig‘ini raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi zimmasiga yuklatildi.

Ko‘proq yangiliklar: