Energoresurslar narxi nega oshirildi - Jamshid Qo‘chqorovdan javoblar

Iqtisodiyot 13:19 / 02.08.2019 73113

30 iyul kuni hukumat qarori bilan mamlakatda yoqilg‘i, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'moli uchun narx va tariflar oshirildi.

Shu bilan birga, elektr energiyasi uchun bazaviy me'yor joriy qilinishi ma'lum qilinib, u avval belgilangan 300 kVt/soat.dan 250 kVt/soat.gacha tushirilishi belgilandi. Ya'ni, ushbu me'yordan ko‘p foydalanilgan energiya manbai narxi 1,5 baravar koeffitsiyentgacha bo‘lgan miqdorda qayta hisoblanishi bildirilgan edi.

2019 yil 1 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, «O‘ztransgaz» AJ va «O‘zbekenergo» AJ mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy mavzusi energoresurslar narxi oshirilishi bo‘ldi.

Kirish so‘zi bilan ma'ruza qilgan Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov energoresurslar narxini oshirish borasidagi hukumat qarorining mazmun-mohiyati, uni qabul qilishning obektiv sabablarini izohlashga harakat qildi. U bu qarorning iqtisodiyotga va odamlarning turmush darajasiga qanchalik ta'siriga doir fikrlarni bildirar ekan, ikki-uch yil avvalgi holatlarni xotirlagan holda misollar keltirib, o‘z so‘zlarini tasdiqlashga urindi.

Shu bilan birga, u hukumat qarori ma'lum bir ma'noda yoqimli bo‘lmasligini e'tirof etar ekan, bozor iqtisodiyotiga o‘tishni maqsad qilgan ekanmiz, narxlar ham erkin bo‘lishi kerakligini aytdi.  

«Narx-navoni oshirish masalasi Moliya vazirligi, Energetika vazirligi yoki boshqa bir idoraning xohish-irodasi emas. Bu tabiiy jarayon. Agar biz bozor iqtisodiyotini qurmoqchi bo‘lsak, hamma narxlar bozor bilan belgilangan bo‘lishi kerak. Kimgadir u qimmatlik qiladi, kimgadir unchalik emas, boshqa bir fuqaro miqdorining farqi yo‘q. Bozor iqtisodiyotida narxlar erkin bo‘lishi kerak», - dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Uning aytishicha, bozor iqtisodiyotiga o‘tishning asosiy shartlaridan biri, bozordagi kabi tosh-tarozu to‘g‘ri bo‘lishidir. «Agar, kimdir bir mahsulotni 8 ming so‘mga olsa-yu, boshqa bir kishi ayni shu mahsulotni 4 ming so‘mga olsa, demak, bu tosh-tarozu buzuq bo‘lgan»ini anglatadi, deya bir vaqtlar dollarning bir necha kursi bo‘lganiga ham ishora qilindi.

Moliya vazirining bildirishicha, aslida energoresurslar narxini 1 iyundan oshirish hamda bir kilovatt soat elektr energiyasi uchun 480 so‘m belgilash rejalashtirilgan edi.

«Aslida, narxlar 1 iyundan ko‘tarilishi kerak edi. Biroq, prezidentimiz narxni oshirishdan qaytardi. Davlatimiz rahbari bu borada zaxira bor-yo‘qligiga qiziqdi. Elektr energiyasini bir kVt/soat uchun 480 so‘m qilmoqchi edik. 2018 yil 15 noyabrda oshirganimizda ham davlat rahbari narx-navolarni bozorga moslashtirishda odamlarni qiynamasdan, bosqichma-bosqich oshirish vazifasini yuklagan edi. O‘shanda, tabiiy gaz narxi keskin oshirilgandi. Bu safar ko‘proq elektr energiyasi oshirilmoqda. Bu qarorning bosh tamoyili odamlarga og‘irlik qilmaslik», - deya oydinlik kiritdi Jamshid Qo‘chqorov.

Uning ta'kidlashicha, qaysidir joyda xato va kamchiliklar, muammolar bo‘lsa, birgalikda hal etishga, fuqarolarni eshitishga Moliya vazirligi tayyor. Jamshid Qo‘chqorov bozor iqtisodiyoti talabiga ko‘ra, barcha narx-navo erkin bo‘lishi kerakligini aytar ekan, O‘zbekistonda bunday bo‘lmayotganining sababiga ham to‘xtaldi.

«Bizda, mana shu monopoliyalarimizning narxlari nega erkin emas? Nasib bo‘lsa, elektr energiyasi sohasi, neft-gaz sohasining hammasini xususiylashtiramiz. Bu sohalarda, davlat korxonasi qolmasligi kerak. Xuddi boshqa tadbirkorlik sub'yektlari singari mahsulotini bozorga chiqarib sotishi kerak. Bozor iqtisodiyotida hammaning maqsadi foyda olish. Foyda taraqqiyotning moliyaviy bazasi. Busiz oldinga harakat yo‘q, hech kim kredit ham bermaydi, xorijdan investor ham kelmaydi. Qolaversa, dunyoning 99,9 foiz davlati bozor iqtisodiyoti yo‘lidan rivojlanmoqda», - dedi Qo‘chqorov.

Uning qayd etishicha, bozor haqida gapirganiga ham sabablar bor, chunki narx-navo oshishi kabi jarayonlarni faqatgina bozor iqtisodiyoti bilan izohlash mumkin. Tadbirda, shuningdek, spikerlar matbuot anjumanida ishtirok etgan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Xususan, Jamshid Qo‘chqorov, aholi uchun elektr energiyaning bazaviy me'yori 300 kVt/soatdan 250 kVt/soatga tushirilgani bo‘yicha jurnalist savolini quyidagicha izohladi.

«Elektr energiyasidan foydalanishdagi bazaviy me'yorga kelsak. Biz Yunusobodda tajriba o‘tkazganimizda, bazaviy me'yorni tajriba qoidasi sifatida 300 kVt/soat qilib belgilagan edik. Sizga to‘g‘risini aytaman, o‘rtahol xonadonga bu me'yor juda ko‘p. Agar biror oila oyiga 300 kVt/soat ishlatsa, u elektr energiyasi narxi bo‘yicha davlat yordamiga muhtoj bo‘lmagan oiladir. Buni istalgan davlat tajribasidan ko‘rishingiz mumkin.

O‘zbekistonning viloyat, tuman markazlari, mayli qishloqlarda yashaydiganlarni aytmaymiz, o‘rtacha bir oila oyiga 80-120 kVt/soat ishlatadi. Toshkentda esa, dunyoning barcha poytaxtlari singari bu raqam ko‘proqni tashkil etadi. Konditsionerlar, kir yuvish mashinalari, kompyuter va boshqa texnikalar bor. Shunday bo‘lsa-da, 250 kVt/soatlik me'yor ham ko‘p», - dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Tadbirda qatnashgan Kun.uz muxbiri ham mavzuga doir savollar bilan murojaat qilishdi.

-        «2018 yil 15 noyabrida gaz narxi 107 foizga oshirilgani holda, elektr energiyasi narxi 45 foizga ko‘tarilgani sababli yuqorida aytilgan bozor tosh-tarozusi buzilganini ko‘rish mumkin. Ya'ni, bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, «O‘zbekenergo» «O‘ztransgaz»dan bugungi kunda 1 trln 300 mlrd so‘mdan ortiq qarzdor. Bu «O‘zbekenergo»ning moliyaviy ahvoliga qanchalik jiddiy ta'sir ko‘rsatadi?»

«15 noyabrda narx-navo oshirilganda, gaz narxi keskin oshirilgani ma'lum bir ma'noda ta'sir qilgan bo‘lishi mumkin. Biroq, narx-navo oshirilishi bir bosqichli jarayon emasligini o‘zlaringiz ham ko‘rib turibsiz. Hozirgi kunda «O‘zbekenergo»ning «O‘ztransgaz»dan 1 trln 350 mlrd so‘m qarzi bor. Bir oyda 1 trln so‘mlik gaz xarid qiladi. Shundan kelib chiqib, taxminan 40 kunlik iste'moli uchun qarzi bor. Bu raqam kattami-kichikmi, degan savolni men ochiq qoldiraman.

Savolingizga javobim shuki, bu bir bosqichli savol emas. Bu safar elektr energiyasi narxi ko‘proqqa oshirildi va bu o‘z o‘rniga tushadi. Shu bilan birga, «O‘zbekenergo» gaz narxi noproporsional oshirilganidan qiynalib qoldi, deyish noto‘g‘ri. Biroq, shu vaqtgacha ham katta daromad ko‘rib kelgan kompaniya ham emas. Agar shunday bo‘lganida, uning chet el kreditlarini to‘lashga biz yordam bermagan bo‘lar edik», - dedi Moliya vaziri.

-        «Narx-navo oshirilishida nosog‘lom moliyaviy holat ro‘kach qilinadi. Shu holatga tushishga mas'ul rahbarlarga qanday choralar ko‘rildi?»

«Men bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Avvallari ham narx-navoni keskin oshirgan vaqtlarimiz bo‘lgan. 40 foizgacha oshirilgan. Lekin, boya aytganimdek, tosh-tarozu buzuq tizimda narxni oshirish-oshirmaslikning farqi yo‘q. Misol uchun, 3-4 yil avval mashina narxini oshirardik, biroz vaqtdan so‘ng, «qora bozor»dagi dollar narxi ko‘tarilishi bilan yana avvalgi holiga kelardi», - dedi Jamshid Qo‘chqorov.

-        «O‘ztransgaz» tizimida yo‘qotish 30 foizgacha ekani aytildi. Bu raqamlarda korrupsiya ulushi qancha? Xalq orasida gap yuradi-ki, issiqxona va g‘isht zavodi kabi tabiiy gazdan foydalanuvchi ayrim nopok iste'molchilar xodimlar bilan kelishib olishadi».

«O‘ztransgaz»dagi yo‘qotishlar xususida gapiradigan bo‘lsak, 30 foizlik raqam Yangiyo‘lga tekshirishga borganimizda aniqlandi. Uning ichida korrupsiya ulushi qancha, degan savolga aniq bir javob berish qiyin. Albatta, bu narsa bor», - dedi Moliya vaziri.

Uning ta'kidlashicha, fuqarolar ham korrupsiya holatlariga barham berishda yordam berishi kerak.

«Endi bu tizimlarda korrupsiyaga qarshi kurashda davlat bir tomon, fuqarolar bir tomon bo‘lsa natijaga erishib bo‘lmaydi. Odamlar bu ishni qilmasligi kerak. Ular ham to‘lash madaniyatini o‘rganishlari kerak. Ikkinchidan, gazning texnologik yo‘qotishida uning bosimi juda muhim. Chunki, hisoblagichlar, gazning ma'lum bir belgilangan bosimida kelishiga moslashtirilgan. Gaz bosimi past bo‘lsa, u ishlamaydi», - dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Ta'kidlash o‘rinliki, Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, tadbir davomida noreal qarzdorlik xususida ham fikrlarini bildirdi. Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda «O‘ztransgaz»ning debitorlik qarzdorligi 3 trln so‘m bo‘lib, shundan 1,2 trln so‘mi noreal qarzdorlikdir. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekneftegaz» bilan bog‘liq restruktrizatsiya jarayoni yakunlangach, mazkur noreal qarzdorlik masalasiga qaytiladi. Uning taxmin bildirishicha, alaloqibat noreal qarzdorlik bekor qilinishi ehtimol.

Ko‘proq yangiliklar: