Pillachilik tarmog‘ida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidentining qarori qabul qilindi.
Qaror bilan pillachilik klasterini tashkil etishda korxonalarning iqtisodiy faoliyat turlari ro‘yxati, pillachilik klasterlarini tashkil etadigan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar ro‘yxati, 2019-2025 yillarda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan ipak mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha prognoz parametrlari, 2019-2021 yillarda pillachilik tarmog‘ida chuqur qayta ishlashni tashkil etish asosida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari ro‘yxati hamda pillachilik sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora- tadbirlar rejasi ma'qullandi.
Hujjatda belgilanishicha,
2022 yil 1 avgustga qadar pillachilik tarmog‘i korxonalariga (ularning vakolatli vakillariga) 6-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha mahsulotlarni AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Turkiyaga eksport kilishda havo va temir yo‘llari transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha mikdorini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilishga subsidiyalar takdim etiladi;
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan pilla yetishtirish bo‘yicha tuzilgan shartnoma asosida pilla yetishtiruvchi sub'yektlarga (ularning roziligi bilan) avans hisobiga keyinchalik tayyorlanadigan pilla uchun to‘lov summasiga o‘tkazgan holda yetkazib berilgan tut ipak qurti urug‘i va pilla yetishtirish uchun zarur boshqa moddiy-texnika resurslari hamda tut ko‘chatlari qiymati tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti deb hisoblanmaydi;
lizing asosida qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish, mineral o‘g‘itlar, urug‘lik, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va boshqa material resurslarini yetkazib berish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari uchun nazarda tutilgan shartlar hamda tartib pillachilik tarmog‘i korxonalariga ham tatbiq etiladi;
2020 yil 1 yanvardan boshlab tut daraxtlarini gayriqonuniy ravishda kesganlik, shikastlantirganlik yoki yo‘q qilganlik uchun undirilgan jarimalarning 50 foizi huquqbuzarlik sodir etilgan hududda yangi tut ko‘chatlarini ekish uchun maqsadli yo‘naltiriladi;
O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 29 noyabrdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni 1-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar 2021 yil 1 yanvarga qadar xom ipak (TIF TN kodi 5002) va ipak momig‘i (TIF TN kodi 5003) mahsulotlariga ham tatbiq etiladi. Bunda, imtiyozlarni qo‘llash natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, shu jumladan texnologik uskunalar sotib olish uchun maqsadli tarzda yo‘naltiriladi;
O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 4 dekabrdagi “Respublikada pillachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori 5-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya taqdim etish tartibi loyihalar qiymati va sonidan qat'i nazar pilla yetishtirishni, shu jumladan pilla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va kasanachilarga bo‘nak berishni, ular bilan yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirishni hamda qurilish va rekonstruksiya ishlarini moliyalashtirish maqsadlari uchun ham tatbiq etiladi va mazkur tartibning amal qilish muddati 2023 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi:
hududlarda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan tut ko‘chatlarining ekilishi, ipak qurti urug‘i va pilla yetishtirish, pillani chuqur qayta ishlash, ipak, ipak momig‘i va ipakdan chuqur qayta ishlangan mahsulotlar eksportini amalga oshirish, investitsiyalarni jalb etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarining to‘liq bajarilishini muntazam ravishda monitoring qilib boradi;
tut ko‘chatlarini ekish, ipak kurtini parvarishlash inshootlarini kurish, pilla yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashni tashkil qilish, ipak mahsulotlari eksportini amalga oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarni ta'minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar bo‘yicha ularga taqdim etilgan imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi;
tirik pilla yetishtiruvchilardan yetishtirilgan tirik pillani sotib olish (ularning tirik pilla yetishtirish xizmati) narxini 2020 yildan kamida 20 foizga, 2021 yildan yana kamida 10 foizga oshirish choralarini ko‘radi.
Qoraqalpogiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari 2020 yil 1 yanvarga qadar fermer va dehkon xo‘jaliklariga, qishloq xo‘jaligi hamda paxtachilik-to‘qimachilik klasterlariga yer uchastkalarini ajratish to‘g‘risidagi qarorlarda hamda yer uchastkalari ijarasi shartnomalari (shu jumladan oldin qabul qilingan qarorlar va tuzilgan shartnomalarda) “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalarning mazkur yer uchastkalaridagi qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari chetida va yo‘l bo‘yida joylashgan tut daraxtlaridan pilla yetishtirish uchun ozuqa sifatida foydalanish huquqi nazarda tutilishini ta'minlaydi.
Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufida Farg‘ona, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida naslli ipak kurti urug‘i yetishtiruvchi muassasalari tashkil etiladi.
Farg‘ona, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ushbu muassasalarga davlatga tegishli bo‘sh turgan binolarda ijara haqining “nol” stavkasini belgilagan holda zarur maydonlarni ajratadi.
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda tut daraxtlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesganlik, shikastlantirganlik yoki yo‘q qilganlik uchun undirilgan jarimalarning 50 foizi huquqbuzarlik sodir etilgan hududda yangi tut ko‘chatlarini ekish uchun maqsadli yo‘naltirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
2019 yil 1 noyabrga qadar qishloq xo‘jaligi ekinlari dalalari chetidagi va yo‘l bo‘yidagi tut daraxtlarini xatlovdan o‘tkazib, qat'iy hisobini yuritish va ularni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish holatlarining oldini olish choralarini ko‘radi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi Moliya vazirligi va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2019 yil 1 dekabrga qadar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida “Tut ipak qurti ekologiyasi va kimyoviy zaharlanish profilaktikasi” laboratoriyasini tashkil etadi.
2022 yil 1 avgustga qadar “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan ipak qurti urug‘larini, istisno tariqasida, “bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirishga ruxsat beriladi hamda olib chiqilishi natijasida tayyorlangan pillalarni respublika hududiga olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.