Bu ovoz Toshkentda aqalli bir marta bo‘lgan yosh-u keksaga tanish. Qizig‘i, bu jumlalar barchaning xayolida har doim bir xil ovozda yangraydi. Manzilingizga yetib olgunga qadar, u sizga yo‘l ko‘rsatib boradi, ehtiyotkorlik va ogohlikka chaqiradi. Boringki ana, kattalarga joy berish kerakligini ham uqtiradi. Lekin gap faqat ovoz haqida emas, bu ovoz yangraydigan Toshkent metropoliteni haqida. Minglab odamlarning uzog‘ini yaqin qiladigan bu manzil haqida nimalarni bilamiz?
Toshkent metropoliteni: kecha
Aytishlaricha, respublikaning o‘sha vaqtdagi rahbari Sharof Rashidov Toshkentda metro qurilishiga ruxsat olish uchun Moskvaga naq 18 marotaba murojaat qilgan.
![](https://storage.kun.uz/source/4/AE2S1U03u905RGsvUibGfDRsPC6kOPia.jpg)
Toshkent metropoliteni O‘rta Osiyodagi ilk yerosti transport vositasi hisoblanadi. Sobiq sovet davlatlari hududida Moskva, Sankt-Peterburg, Kiyev, Boku, Tbilisi, Xarkov shaharlaridan keyin yettinchi bo‘lib, Markaziy Osiyoda esa birinchi bo‘lib 1972 yilda Toshkent shahrida metropoliten qurilishi boshlangan.
1977 yil 6 noyabr sanasida ishga tushgan metropolitenning eng dastlabki bekatlari «Olmazor», «Mirzo Ulug‘bek», «Hamza» (hozirgi «Novza»), «Yoshlik» (hozirgi «Milliy bog‘»), «Xalqlar do‘stligi», «Mustaqillik maydoni», «Amir Temur xiyoboni» bo‘lgan. 1980 yilda Chilonzor yo‘lining barcha 12ta bekati to‘liq qurib bitkaziladi. 1984 yilda O‘zbekiston yo‘li foydalanishga topshiriladi. Eng «yosh» Yunusobod yo‘lining qurilishi 1988 yilda boshlangan bo‘lsa-da, mustaqillikdan keyin, 2001 yil avgust oyiga kelibgina ishga tushadi. Bunga o‘tgan davr ichida siyosiy tuzumning mutlaqo o‘zgargani sabab bo‘lgan bo‘lsa ajabmas.
Metropoliten arxitekturaviy qurilishi, bezaklari jihatidan diqqatga sazovordir. U milliy arxitekturani alohida yangi bosqichga olib chiqqan deb sanaladi. Shahar bosh arxitektori S.Odilov va «Toshmetroloyiha» bosh arxitektori R.Fayzullayev boshchiligidagi rassomlar, haykaltaroshlar, arxitektorlar jamoasining mehnati samarasi o‘laroq milliy bezak va naqshlar panoramasi bunyod etilgan. Ahamiyatlisi, ular mutlaqo bir-birini takrorlamaydi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/Xju6faD2wRJPpyY66tQdh694foA7JeLF.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/xCUL1RyNWauxhElT-iXX5AyxWtkexman.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/n68kkSjWMO8jzDpOiMv_KgGn44VTHs2s.jpg)
Shuning uchun ham metro faqatgina yo‘lovchi tashish vositasi emas, sayyohlar uchun ekskursiyabop maskan ham hisoblanadi.
Metropoliten bekatlarida ustalik bilan ishlangan mozaikalardan tortib, bir-birini takrorlamaydigan naqshlar, ganchkorlik, marmar o‘ymakorligi, hatto badiiy adabiyot namunalarini jonlantiruvchi illyustratsiyalarni ham topish mumkin. Ular har bir stansiyaga original ruh bag‘ishlaydi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/ds0EER24JxGseOlvEd1mgIG4OpFXjSlZ.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/7gPi5ynvtUXyN81iooF3D-OpsTV70tFG.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/waXT_W3Q12CebPIJ_JuWkbLUEq0dI16.jpg)
Toshkent metropoliteni: bugun
Toshkent metropoliteni ayni kunda uchta ─ Chilonzor («Olmazor», «Chilonzor», «Mirzo Ululg‘bek», «Novza», «Milliy bog‘», «Xalqlar do‘stligi», «Paxtakor», «Mustaqillik maydoni», «Amir Temur xiyoboni», «Hamid Olimjon», «Pushkin», «Buyuk ipak yo‘li»), O‘zbekiston («Do‘stlik», «Mashinasozlar», «Toshkent», «Oybek», «Kosmonavtlar», «O‘zbekiston», «Alisher Navoiy», «G‘afur G‘ulom», «Chorsu», «Tinchlik», «Beruniy»), Yunusobod («Ming o‘rik», «Yunus Rajabiy», «Abdulla Qodiriy», «Minor», «Bodomzor», «Shahriston») yo‘llarida joylashgan 29 ta stansiyadan iborat. Metropolitendan bir kunda o‘rtacha 180-200 ming yo‘lovchi foydalanadi. Yo‘lovchilar o‘z manzillariga tez va oson yetib olishlari uchun 3000 dan ziyod metropoliten xodimi ─ mashinistlar, bekat nazoratchilari, elektr mexaniklar, elektromontyorlar, chilangarlar xizmat ko‘rsatadi. Metropoliten tarmog‘i umumiy 36,2 kilometrni tashkil etadi.
«Ehtiyot bo‘ling, eshiklar yopiladi», «Keyingi bekat...», «Hurmatli yo‘lovchilar, yosh bolali, nogiron va yoshi katta yo‘lovchilarga joy bering» jumlalarini takrorlovchi barchaga tanish ovoz O‘zbekiston teleradiokompaniyasi suxandoni Muslima Murodovaga tegishli. Bekat va eskalatorlarda xavfsizlik qoidalarini eslatuvchi ovozlar esa metropoliten xodimlari tilidan yangraydi.
Metropoliten reklama va propaganda uchun ham yaxshigina maydonga aylanib ulgurgan.
![](https://storage.kun.uz/source/4/Q2xjI0mHigdN4wIaWe8PNGGaHl89ZMcn.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/_AYUiC_m2lejUH7STEXgyF-xe-ttoY2g.jpg)
Busiz esa metroni tasavvur qilib bo‘lmaydi...
![](https://storage.kun.uz/source/4/81yDDBvxl6MKtRbk2HMykZAn9nAJHPXn.jpg)
Metropoliten stansiyalarining nomlanishiga zamon o‘z ta'sirini ko‘rsatgan. Mustaqillikka qadar ular uchun asosan sovet sotsializmi ruhidagi nomlar tanlangan bo‘lsa, keyinchalik ular milliy va umumbashariy mazmundagi nomlarni oldi. Masalan, «Chkalov» ─ «Do‘stlik», «Hamza» ─ «Novza», «Sobir Rahimov» ─ «Olmazor», «Maksim Gorkiy» ─ «Buyuk ipak yo‘li», «Habib Abdullayev» ─ «Shahriston», «Yoshlik» ─ «Milliy bog‘»...
Qiziqarli jihati, metropoliten stansiyalarning nomlanishi har doim ham shu manzil bilan muvofiq tushavermaydi. Bu esa nafaqat chet elliklar, shahar mehmonlari, balki poytaxtning tub aholisi uchun ham noqulaylik tug‘dirishi tabiiy. «Olmazor» metrosi Olmazor tumanida emas. «Mirzo Ulug‘bek» metrosining Mirzo Ulug‘bek bog‘iga ham, Mirzo Ulug‘bek tumaniga ham aloqasi yo‘q, «G‘afur G‘ulom» metrosi va G‘afur G‘ulom parkini hech narsa bog‘lab turmaydi. Abdulla Qodiriy bog‘iga «Abdulla Qodiriy» metrosi orqali boriladi degan odam ham adashib qolishi tayin.
Toshkent metropoliteni poytaxtning asosiy tashrif qog‘ozlaridan biri hisoblansa-da, bir qator kamchilik va noqulayliklardan xoli emas.
Bironta metro stansiyasida nogironlar uchun qulaylik masalasi ko‘rilmagan. Zinalarda va eskalatorlarda, hatto ba'zi yerosti yo‘liga tushish joylarida ham nogironlar uchun panduslar (aravacha harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘lak) mavjud emas. Shu jihatdan metro ham boshqa transport vositalari singari imkoniyati cheklanganlar uchun anchagina noqulay transport.
![](https://storage.kun.uz/source/4/l_H111a5fmVnS92dEVlR7b3kLnQ-1jqz.jpg)
40 yoshdan oshib qolgan metropoliten anchagina «qariyapti». Zax o‘tgan, devorlari shikast yeya boshlagan, chakki o‘tgan joylarni tez-tez uchratish mumkin. O‘zbekiston yo‘li bo‘ylab harakatlanayotgan poyezdlar esa ko‘rinishidanoq yaroqlilik muddati o‘tganligi bilinadi, poyezd harakati chog‘idagi kuchli shovqin esa buni yana bir bor tasdiqlaydi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/IexFFWtfRSgj28PhP26IN8AZbk4yL7by.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/fXyRvv0CTZzYSRCOdCkvQ9aGOQSMnAXA.jpg)
Poyezdlar harakati oraliq intervallari anchagina uzoq. Kunduzgi soatlarda har 5-6 daqiqa, kechki paytda esa 9-10 daqiqagacha, ba'zida undan ham uzoqroq kutishga to‘g‘ri keladi.
Yer osti yo‘llarida va stansiyalarda yo‘l ko‘rsatkichlari, yaqin atrofda joylashgan obektlar haqida ma'lumot juda kam, barcha bekatlarda yo‘q. Poyezddan tushgach, o‘z manziliga qaysi tomondan chiqishni bilmay, ovora bo‘lib yo‘l so‘rab yurganlarni tez-tez uchratish mumkin.
![](https://storage.kun.uz/source/4/ckhC9HTt26_x8xV8nRXzm36W5s3AFM0N.jpg)
Metropoliten stansiyasiga kiraverishida qator tizilgan turniketlarning barchasi ham ishlayotgan bo‘lmaydi. Bu esa qatnov tig‘iz bo‘lgan soatlarda noqulaylik tug‘diradi. Haligacha elektron to‘lov tizimining to‘la yo‘lga qo‘yilmagani (2018 yil oxiriga qadar ishga tushishi haqida ma'lumot berilgan edi) esa kassalar oldidagi tartibsizlik va navbatlarga sabab bo‘ladi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/xgIjN6qMZImF-Ix0pmYBor6JsEdi4oJt.jpg)
Metropoliten yozda salqin, qishda issiq bo‘lishiga qaramay, ventilyatsiya, havo aylanish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Qatnov tig‘iz bo‘lgan paytlarda nainki poyezd vagonlarining o‘zida, platformalarda ham toza havo topish muammoga aylanadi. Salomatligi bilan muammosi bo‘lganlar uchun bu jiddiy xavf tug‘dirishi hech gap emas.
Shu o‘rinda, metropoliten bekatlarida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitning yo‘qligini ham qayd etib o‘tish lozim. Havo yaxshi aylanmaydigan yer ostida sog‘ligida o‘zgarish sezilgan yo‘lovchilarga birinchi va eng sodda tibbiy yordamni ko‘rsatish choralari ko‘rilmagan.
Xavfsizlik maqsadida har bir yer ostiga o‘tish yo‘lida va bekatlarda turgan militsiya xodimlarining ham qanday ishlashi barchaga ma'lum. Ular o‘z kayfiyatiga, holatga qarabgina sumkalarni tekshirishga hafsala qiladigandek taassurot uyg‘otadi.
Toshkent metropoliteni: ertaga
Yaqin kelajakda metro yo‘llarining uzayishi, yangi stansiyalarning ishga tushishi kutilmoqda. Xususan, poytaxtning shimoliy qismiga olib boruvchi Yunusobod yo‘lining «Shahriston» bekatidan «Turkiston» bekatigacha 2,7 km uzunlikdagi «Yunusobod» va «Turkiston» bekatlari 2020 yilda ishga tushishi rejalashtirilgan.
Yengil metro tizimi, ya'ni estakeda (yer usti ko‘priklari) usulida 6 ta bekatdan iborat bo‘lgan Sergeli yo‘li ham 2020 yilda ishga tushishi mo‘ljallangan.
Shuningdek, yana bir loyiha ─ yer usti metro halqa yo‘lini ishga tushirish ishlari ham olib borilmoqda. 35 ta bekatni birlashtiruvchi, uzunligi 52,1 km bo‘lgan halqa yo‘lining bunyodkorlik ishlari 2017 ─ 2030 yillar oralig‘ida amalga oshiriladi. Bu halqa yo‘li Toshkent shahrining tumanlarini bir-biri bilan bog‘lash, chekka tumanlar oralig‘ida transport aloqalarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/UPFCSofXlA-7lUUZSRXZ8Nkrqy2wLR9L.jpg)
Yaqin oylarda tirbandlikning oldini olish maqsadida metropoliten bekatlarida an'anaviy jyeton xarididan elektron to‘lovga o‘tish tizimining yo‘lga qo‘yilishi ham kutilmoqda.
Metropoliten faqat Toshkentga xosmi?
O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham metropoliten ishga tushishini kutish mumkinmi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi ma'lumotlariga ko‘ra, shahar aholisining soni 1 mln.dan oshgan hududlardagina mamlakat hukumatning tegishli qarori asosida metropoliten ishga tushirilishi mumkin.
«Toshkent metropoliteni» O‘zbekiston aholisi uchun ham transport vositasi ham strategik bino, ham badiiy arxitektura mo‘jizasi. U yanada qulaylashib, modernizatsiyalashib borishiga umid qilamiz. Har holda metroda suratga olishga ruxsat berishdi-ku...
Saodat Abdurahmonova