«Islom Karimovni aldamoqchi bo‘lishgandi». Shoir Mirzo Kenjabek o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berishdagi xotiralarini esladi

Jamiyat 13:46 / 31.07.2019 127568

Kun.uz o‘zbek adabiyoti masalalariga bag‘ishlangan turkum suhbatlar loyihasini davom ettiradi. Dasturimizning navbatdagi mehmoni iste'dodli shoir, mohir tarjimon hamda islom va tasavvuf ta'limoti olimi Mirzo Kenjabek bo‘ldi.

Suhbat davomida Mirzo Kenjabek o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish harakatlari, qiyinchiliklari va bu jarayondagi asosiy voqealar haqida so‘z yuritdi.

«Eslayman, ammo ko‘p o‘kinch bilan eslayman. Nima uchun quvonch bilan emas, deya savol berishingiz mumkin. O‘sha paytda o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish bo‘yicha komissiya tuzildi. Bu komissiyaga atoqli olim Erkin Yusupov boshchilik qildi. Komissiya a'zolari orasida fidoyi olim Baxtiyor Nazarov va Akmal Saidov ham ishtirok  etishdi. Jarayonlar shunday ediki, biz har bitta moddani o‘qirdik, qo‘shimchalar qo‘shardik, Baxtiyor Nazarov esa yozib borardilar. Moddalar hamma a'zolar rozi bo‘lsagina tasdiqdan o‘tar edi. 

O‘sha jarayonlarda bir muammo kelib chiqdi - rus tiliga qanday maqom beramiz? Rus tilini millatlararo aloqa tili deymizmi yoki boshqa ba'zi davlatlar kabi davlatlararo aloqa tili deymizmi? Uchinchi bir qarash ham bor ediki, bu - Ukraina, Estoniya kabi davlatlar o‘zlariga qonun qilib olganiday boshqa hamma tillar kabi rus tilining ham rivojiga, ravnaqiga va yashashiga shart-sharoitlar yaratiladi, degan so‘z bilan kifoyalanamizmi?

Mana shu masalaga kelganda nihoyatda katta bahs bo‘ldi. 1989 yilning oktabr oyining taxminan boshlarida meni O‘zbekiston kompartiyasining o‘sha vaqtdagi birinchi kotibi Islom Karimov o‘z huzuriga chaqirdi. Chunki rus tilining millatlararo til bo‘lib qolishiga birgina men qarshi bo‘lib qolgan edim. Aslida, bunga qalbi bilan hech kim ham rozi emas edi, biroq bu yerda siyosat bor, tushuncha bor, u yerda hali mustamlaka davrining tazyiqlari bor edi. Albatta, komissiya a'zolari ichida bunga e'tiborsiz, loqayd kishilar ham bor edi, lekin millatining rivoji, tili uchun jon kuydirguvchi insonlar ham yo‘q emasdi. Ular jon-jahdi bilan tilimiz uchun kurashishdi. Men bu insonlarning nomlarini yuqorida aytib o‘tdim. 

Islom Karimovning qabuliga kirganimda, u kishining suhbat stoli ustida davlat tili maqomini qabul qilgan mamlakatlarning davlat tili haqidagi qonunlari terib qo‘yilgandi. U kishi aytdilarki, Mirzo mana shular orasida rus tilini millatlararo aloqa tili demagan bitta qonunni topib bering, men shuni qilaman. 

Shu o‘rinda bir gapni aytay: davrlar keladi, bir-birimizdan nuqson izlaymiz, fazilat izlaymiz, Islom Karimovning ba'zi so‘zlarida mard shaxs ekanligiga shaxsan guvoh bo‘lganman. Buni oshkor aytishimiz kerak.  Hamma kamchilikni faqat bir kishiga bog‘layvermasdan o‘zimizning kamchiliklarimizni ham e'tirof etishimiz lozim. 

O‘shanda men Ukraina va Estoniyaning gazetasi qani, deb so‘radim. Aynan mana shu davlatlarning gazetalari yo‘q edi. Demak, o‘sha paytda Islom Karimovni aldab, mana hamma xalqlar qabul qildi, deya axborot berishgan ekan. U kishi menga topib keling, dedilar. Men aytdimki, «Islom Abdug‘aniyevich, Men bu yerdan chiqsam qayta kiritishmaydi. Buni siz buyuring, topib kelishsin». 

Bu yerda sobiq rahbarlarimizga bo‘lgan ma'naviy xurujlarni ham eslab o‘tishimiz kerak. Nazarimda, davlat tili haqidagi qonun loyihamiz bizni orzularimizga yetkazadigan eng yaxshi qonunimiz bo‘ldi va bu rus tilida emas, balki o‘zbek tilida e'lon qilindi. 

O‘shanda ba'zi bir qavmlar tezlik bilan go‘yoki xalq harakatini tuzishdi va  «Chtoby Moskva ne znal» (Moskva bilmasin deb) nomli gazeta tashkil qilib, unda go‘yo Islom Karimovni Moskvaga bildirmaslik uchun qonun loyihasini o‘zbek tilida qabul qilish, qonunda bir tomonga yon bosishda ayblab chiqishdi. 

O‘shandan keyin ahvol o‘zgarib ketdi. Biz 1989 yildagi Oliy Kengash suhbatiga ham kiritilmadik. Men o‘sha yig‘inda davlat tili haqida nutq so‘zlashni niyat qilgan edim. Afsuski, bu yig‘inda katta talafotlar bo‘ldi. Jumladan, unda rus tili millatlararo davlat tili deb ko‘rsatildi.

Bir haqiqatni aytay, qachonki, jamiyatlar o‘zgarsa, tuzumlar o‘zgarsa katta imperiyalar xalqqa katta bir talafotlar yetkazishga harakat qiladi», - dedi shoir Mirzo Kenjabek.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: