12 ming dollar evaziga Andijon davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan xodim qo‘lga olindi

Jamiyat 20:10 / 31.07.2019 7508

Andijon davlat universiteti xodimi uch kishini o‘qishga kiritib qo‘yish uchun jami 12 ming dollar miqdoridagi pulni olayotganida qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Andijon davlat universitetining arxiv mudiri G.M. fuqaro Z.N.ga uning o‘zini hamda tanishlari D.M. va M.Yu.ni mazkur universitetning «Tasviriy san'at» yo‘nalishi bo‘yicha «sirtqi» bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan. Buning evaziga u har bir kishi uchun 4 ming AQSh dollaridan talab qilib, jami 12 ming AQSh dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan», deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan G.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Hurmatli fuqarolar, yuqoridagi kabi turli noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kiritishga va'da berib, tamagirlik qilayotgan fuqarolar yoki mansabdor shaxslarga duch kelsangiz, Bosh prokuraturaning qisqa raqamli 10-07 yoki Departamentning 71-233-10-07 raqamli tunu-kun ishlovchi ishonch telefonlariga murojaat etishingizni so‘raymiz!», - deyiladi xabar so‘nggida.

Bundan avvalroq Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 25 000 dollar olgan shifokor qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: