«Elementar futbol maydonlari yo‘q akademiyalar ham bor». Ravshan Ermatov bolalar futbolidagi muammolar haqida

Sport 21:20 / 30.07.2019 4564

Bugun, 30 iyul kuni Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisida taniqli futbol hakami, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ham ishtirok etdi.

Yirik tashkilot vakili sifatida siyosiy shaxslar davrasida ilk bor so‘zga chiqqan Ravshan Ermatov bolalar futbolidagi muammolarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, O‘zbekistondagi mavjud 14ta futbol akademiyalari nomigagina akademiya xolos, ularni maktab deyishga ham til bormaydi.

«Jismoniya tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev bilan birga akademiyalarga tashrif buyurib, shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdik. Aksariyati bugungi zamon talablariga javob bermaydi. Elementar futbol maydonlari yo‘q akademiyalar ham bor ekan. Futbol maydonisiz futbol akademiyasini qanday tashkil qilish mumkin? Bu aqlbovar qilmaydigan holat. Mazkur masalalarni hal etishda hozir FIFA, OFK bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Ulardan mutaxassislar ham kelishib, akademiyalarni o‘rganishdi va manzaralardan hayron bo‘lishdi. Bu muammolarni bartaraf etish uchun 2020-2024 yilgi dasturga kiritishni iltimos qildik», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, u 2020 yilda Tokio shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiada o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari haqida ham so‘z yuritdi.

«Olimpiada o‘yinlariga jamoaviy o‘yinlardan ikkitagina nomzod bo‘lsa, bulardan bittasi shubhasiz futboldir. Hozir oldimizdagi asosiy maqsadimizdan biri ham Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish. Bu bo‘yicha serbiyalik mutaxassis va bosh murabbiy Lyubinko Drulovich qizg‘in faoliyat olib boryapti. Rejamizga asosan kelgusi besh oy mobaynida Osiyoning Eron, Janubiy Koreya, Qatar, Ozarboyjon, Birlashgan Arab Amirligi kabi kuchli terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishni mo‘ljallaganmiz. Yanvar oyida Bangkokda kechadigan 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Olimpiya terma jamoamizni Olimpiadaga olib chiqishni maqsad qilganmiz», deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: