Xorazmda uyi buzilganlarga kompensatsiya to‘lab berildi, endi xotirjamlikka berilsa bo‘ladimi?

Jamiyat 20:30 / 29.07.2019 26947

Xorazm viloyati markazi Urganch shahrining Ashxobod ko‘chasida yashagan va yerlari davlat ehtiyoji uchun qaytarib olingan aholining deyarli barchasiga kompensatsiya pullari 100 foiz to‘landi.

26 iyuldan 27 iyulga o‘tar kechasi Urganch shahridan Chondirqiyot qishlog‘i hududiga ko‘chirib yuborilgan va dalada palatka va chartak (kapa) qurib yashayotgan, ammo 1-2 oydan beri kompensatsiya pulini ololmayotgan aholi norozilik bildirib, Urganch – Xonqa yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Aholi va hokimlik o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro haqida «Xorazmda uyi buzilgan odamlar norozi bo‘lishdi – viloyat hokimi 10 avgustgacha muammolarni hal qilishga va'da berdi» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

27 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Xorazm viloyatiga bordi, aholi bilan uchrashib, suhbatlashdi, shu kuni odamlarga kompensatsiya pullari tarqatildi.

29 iyul kuni Chondirqiyot qishlog‘i hududida palatka va chartak (kapa) qurib yashayotgan aholi yangi uy-joylarini qurish harakatini boshlab yuborishdi.

Viloyat hokimligi tomonidan hudud 4ta qismga bo‘linib, ularning har birida mini-shtab – qarorgoh tashkil qilindi. Unda hokimlik mulozimlari, quruvchi tashkilot rahbarlari aholining murojaatlarini o‘rganish, kundalik muammolarni shu joyning o‘zida hal qilish, bundan tashqari, qurilish ishlarini muvofiqlashtirish, nazoratga olish bilan shug‘ullanishi belgilangan.

394ta xonadon egalari qo‘lida juda katta miqdordagi pul mablag‘lari (70 milliard so‘mdan ortiq) to‘plangani bois, ularning xavfsizligini ta'minlash, jinoyatchilikning oldini olish va jamoat tartibini ta'minlash maqsadida, huquq tartibot idoralari tomonidan maxsus post tashkil qilindi.

Hududga qurilish ishlarida foydalaniladigan maxsus texnikalar, ekskavator, buldozer va boshqa transport vositalari olib kelinmoqda. Tsement, tosh va yog‘och materiallari bilan arzonlashtirilgan narxlarda savdo qiluvchi kichik bozorcha tashkil qilinishi mo‘ljallanmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi bozorcha faoliyat yuritmoqda.

Hududga elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari, ishchilari kelib, aholini elektr energiyasi tarmog‘iga ulash, montaj qilish ishlarini boshlab yuborishgan. Bu ishlar odamlarning o‘zboshimchalik bilan va qo‘lbola usulda elektr tarmoqlariga ulanishining oldini olish, hayoti va mulki xavf ostida qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qilinmoqda.

Xonadon egalari kompensatsiya pullarini to‘liq olishgan, albatta bu quvonarli hol. Biroq, bu bilan Chondirqiyotda yashayotgan aholining muammolari to‘liq bartaraf qilindi deyish qiyin. Galdagi vazifalar yana ancha ish tashkil qilinishi, ko‘plab odamlarning g‘ayrat solib ishlashini taqozo etmoqda. Hali xotirjamlikka berilishga shoshilmaslik kerak.

Ayni paytda odamlar va'da qilinganidek, kompensatsiya pulidan avvaldan ushlab qolingan 10-15 foiz miqdoridagi mablag‘lar ham berilishini kutishmoqda. Bundan tashqari, qo‘shimcha yerga muhtoj oilalarga va'da qilingan yer maydonini berish, ularning hujjatini tayyorlash, rasmiylashtirish ishlarini ham paysalga solmaslik kerak bo‘ladi. Qayd etish joizki, Ashxobod ko‘chasidagi uy-joylar buzilganida, xorij safarida bo‘lib, kelishuv shartnomasini imzolay olmasdan qolgan odamlar ham bo‘ldi. Ular ham asta-sekin qaytib kelishmoqda. Ularning ham muammosi hal qilinishi, yer ajratilib, kompensatsiya puli berilishi shart.

Dolzarb masalalardan biri – hududdagi qurilish ishlari zudlik bilan boshlab yuborilishidir. Hash-pash deguncha sovuq kunlar kelib qoladi. Odamlarni uy-joylarini tezroq tiklab, uning ichiga ko‘chib o‘tishlariga undash, shoshiltirish kerak. Panjaning beshta barmog‘i bir xil emas. Ko‘pchilik aholi umrida uy qurib ko‘rmagan, bu borada umuman tajribasi yo‘q, ba'zilarining hatto uy chizmasi yo‘q, ba'zilari ishni nimadan boshlashni bilmasdan hayron ahvolda qolgan. Ba'zilar umrida bunchalik katta pulni qo‘lida ushlab ko‘rmagan. Odamlar orasida qariyalar, nogironlar va zaiflar bor, turmush o‘rtog‘i, aka-ukalari, farzandlari xorijda ishlab yurganlar bor. Hali ularning ko‘pchiligi qaytib kelmagan. Ularga yotig‘i bilan yo‘l-yo‘riqni tushuntirish, qurilish ishlarini qanday boshlash haqida saboq, maslahat berish, holidan xabar olib turish, ma'naviy tomondan qo‘llab-quvvatlash, yolg‘izlatib qo‘ymaslik zarur. 

Viloyat hokimligi tomonidan aholini ustalar va ishchi kuchi bilan ta'minlash va'da qilingan edi. Bu maqsadda «Qishloqqurilishinvest» imkoniyatlaridan foydalanish rejalashtirilgan. Usta va ishchilarning xizmat haqi ham arzon bo‘lishi aytilmoqda. Aks holda ishchi kuchiga bo‘lgan talab juda katta, vaqt esa tig‘izligi bois ustalar va ishchi kuchi yetishmay qolishi, narxlar ko‘tarilib ketishi, natijada, odamlar qiynalib qolishi, sovuq kunlar kelguncha uy-joylarini tiklab olishga ulgurmasligi mumkin.

Yana bir muhim masala – qurilish materiallari narxidir. Talab ortishi natijasida narxlar sun'iy ravishda ko‘tarilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Viloyat hokimligi tomonidan aholiga sement va shag‘al tosh bozordagiga nisbatan 10 foiz arzonlashtirilgan narxda yetkazilishi, qum esa bepul berilishi va'da qilingan edi. Bu jarayon ham maksimal darajada shaffof bo‘lishini ta'minlash zarur. Odamlarning talabi yuqori ekanidan kelib chiqib, sifatsiz va yaroqsiz qurilish materiallarini o‘tkazish holatlariga, odamlarning aldanishiga, kimlardir buning orqasidan foydalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, bunday salbiy holatlarning oldi olinishi shart.

Ayni paytda Chondirqiyot qishlog‘i hududida juda keng ko‘lamdagi qurilish, obodonlashtirish ishlari boshlanmoqda. Odamlar uy-joyi uchun belgilangan kompensatsiya pulini olishdi, ijtimoiy tajanglik ancha-muncha pasaydi. Odamlarning ishonchi, umidi va ishtiyoqi yana uyg‘ondi. Galdagi muhim vazifa – mana shu ishonch va umidni so‘ndirmaslikdir.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: