Navoiy shahar hokimligi 2014 yilda uyi buzilganlarga tovon puli to‘ladi. Bu muammo Kun.uz’da yoritilgandi

Jamiyat 08:00 / 29.07.2019 10493

2018 yil 4 sentyabrida Kun.uz saytida «Navoiylik fuqarolarga buzilgan uylari uchun tovon puli berish rad etilmoqda, sababi nimada?» sarlavhali tanqidiy maqola chop etilgan edi.

Unda Navoiy shahri G‘alaba shoxko‘chasining «Umid nihollari» sport musobaqalari tufayli kengaytirilishi munosabati bilan 160dan ortiq aholi uylari davlat va jamoat ehtiyoji uchun olingani, biroq atigi 17 fuqaroga tovon puli berilgani holda, aholining yordamga ko‘proq muhtoj bo‘lgan vakillariga e'tiborsizlik qilingani, hokimlik va sud idoralari ularning arz-dodlariga quloq osmayotgani haqida so‘z borgandi. 

Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, 2018 yil 28 oktyabrida ushbu mavzudagi navbatdagi maqola e'lon qilindi

Bu safar, viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Davron Husanov taqdim etgan ma'lumotlar asosida, Navoiy viloyati adliya boshqarmasi Navoiy shahar hokimligini fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga bergani, bunda shahar prokuraturasi bilan hamkorlik qilingani bildirilgan edi. 

O‘tgan muddat davomida Kun.uz muxbiri murojaatchilar va viloyat Adliya boshqarmasi bilan aloqada bo‘lib turdi. Tovon pulini olish bo‘yicha sud jarayoni qanday ketayotganini kuzatib bordi. 2019 yil mart oyining 20-kunida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudida sudya A.Bahromov raisligida bo‘lib o‘tgan sudning hal qiluvchi qarori bilan arizachi fuqarolarga yer ajratish, Navoiy shahar hokimligidan tovon puli va ma'naviy zarar undirish belgilandi. 

2019 yil 30 may – 1 iyun kunlari oralig‘ida sudning hal qiluv qarori bo‘yicha ijro varaqasi Navoiy shahar Majburiy ijro byurosiga o‘tkazilgan. Bizga murojaat qilgan fuqarolarning ma'lum qilishlaricha, hal qiluv qarori bo‘yicha ijro ishlari olib borilgan va 26 iyul kuni barcha fuqarolarga sud hal qiluv qarorida belgilangan barcha summa to‘lab berilgan. 

 

Ko‘proq yangiliklar: