Ayni vaqtda Konimex tumanida tadbirkorlarning do‘konlari va fuqarolarning uylari tumanda «Obod markaz» dasturi amalga oshirilishi tufayli buzilmoqda. Tadbirkorlar viloyat va tuman hokimliklaridan kompensatsiya puli talab qilmoqda.
Bu haqida tadbirkorlarning murojaati asosida Kun.uz saytida joriy yilning 17 iyul kuni «Konimex markazida obektlar buzilmoqda. Viloyat hokimi tadbirkorlarga zararni to‘lashdan bosh tortmoqda» sarlavhasi bilan maqola e'lon qilingan edi.
Biz bilan suhbatda tadbirkorlar tuman markazidagi bozor, uning atrofidagi do‘konlari Navoiy viloyati va Konimex tumani hokimlari buyruqlari bilan buzilayotgani, huquqlari ochiqchasiga poymol qilinayotgani, kompensatsiya puli berilmayotganidan shikoyat qilishgan.
Ayrim tadbirkorlarning ta'kidlashicha, tuman hokimiyati vakillari ko‘rsatmasi bilan bir yil avval tadbirkorlar millionlab pul sarflab, do‘konlarini zamonaviy ko‘rinishda ta'mirlagan. Ammo endi ularning do‘konlari ham buzilmoqda. Yetkazilgan zararni qoplash haqida rahbarlar tinglashni ham istashmayapti. Tadbirkorlar bu buzilishlar haqida umuman ogohlantirilmagan.
Shundan keyin Konimex tumani hokimi imzosi bilan tahririyatga ushbu masala yuzasidan ma'lumotnoma taqdim etilgan edi. Ushbu ma'lumotnoma asosida Kun.uz saytida joriy yilning 24 iyul kuni «Navoiyda boshqacha «qonunlar» amaldami yoxud Konimex hokimi nimani xaspo‘shlamoqchi?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.
Unda hokimlikning masalaga tezkor bildirgan munosabati tahririyat tomonidan tahlil qilinib, konimexlik tadbirkorlarning Konstitutsiya va qonunlar bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlari qo‘pol ravishda poymol qilinayotgani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topayotgani ta'kidlangandi.
Ma'lum bo‘lishicha, ayni vaqtda Konimex tumani hokimligi va tadbirkorlar o‘rtasidagi nizo keskinlashmoqda. Huquqlari poymol bo‘layotgan bir guruh tadbirkorlar muammolari hal bo‘lmayotgani uchun 28 iyul kuni tuman hokimligiga borishgan.
Tadbirkorlar tomonidan tahririyatga taqdim etilgan videolavhalardan ko‘rinib turibdiki, hokimlik tomonidan o‘zlariga nisabatan qilinayotgan nohaqliklardan tadbirkorlar bezib qolgan. Hokimlik mas'ullari masalani ijobiy hal qilmayapti. Bu esa nizo yanada avj olishiga sabab bo‘lmoqda.
Navoiy viloyati hokimligi esa bu masalada sukut saqlashni ma'qul ko‘rmoqda.
Umid qilamizki, Konimexdagi ushbu vaziyatga viloyat rahbarlari jiddiy e'tibor qaratib, mulkdorlarning huquqlarini ta'minlash choralarini ko‘rishadi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
kun.uz muxbiri