Bojxona qoidabuzarliklari orasida bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi tegishli kodlarini o‘zgartirish hollari ko‘p uchraydi.
Kuni kecha “Olot” chegara bojxona postida ham katta miqdordagi tovar kodlarini o‘zgartirish va ularni yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatmaslik asosida foyda ko‘rishga urinish holati qayd etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda
Qo‘shni davlatdan yurtimizga kirib kelgan yuk avtomashinasi tegishli tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, avtomashinada yuk kuzatuv hujjatlarida bo‘lmagan hamda hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan tovarlar mavjudligi aniqlandi.
Tekshiruv davomida umumiy qiymati 1 070 400 000 so‘mlik kiyim-kechaklar ashyoviy dalil tariqasida vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.