Sony cho‘ntak havo konditsionerini taqdim etdi

Fan-texnika 10:06 / 28.07.2019 20938

Sony o‘zining Reon Pocket deb nomlangan portativ konditsioneri uchun to‘lovlarni qabul qilmoqda. Bu tanani sovutish yoki isitishda qo‘l keladigan kichik qurilmadir.

Reon Pocket kichikroq smartfon hajmidagi Bluetooth-qurilmasi bo‘lib, maxsus ko‘ylakning bo‘yin qismidagi cho‘ntakda joylashadi. So‘ngra, shunchaki dasturga ulanib, tugmani bosishingiz bilan mitti qurilma issiqlikni yuta boshlaydi yoki tarqatadi.

Jazirama kunlarda mini-konditsioner haroratni selsiy shkalasi bo‘yicha 13 darajaga pasaytira oladi. Qish faslida esa, qurilma sakkiz darajagacha iliqlikni ta'minlashi mumkin.

Gadjet iOS va Android tizimlarida ishlaydi, uning to‘liq quvvati 24 soatga yetishi ko‘zda tutilgan. Akkumulyator USB-C orqali ikki soatda to‘ladi. Uskunaning og‘irligi atigi 85 gramm.

Reon Pocket'ning 2 xil varianti ishlab chiqilgan. Standart yechimda sozlamalar ko‘proq va avtomatik tarzda ishlay oladi. Osonlashtirilgan muqobilini faqatgina qo‘lda boshqarish kerak, shunga yarasha uning narxi pastroq.

Konditsionerning versiyasi va u bilan birga sotib olinadigan ko‘ylakning soniga qarab umumiy narx 117–175 AQSh dollarini tashkil etmoqda. Gadjetni faqatgina Yaponiyada buyurtma qilish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: