So‘nggi bir oy ichida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumaniga oid uchta murojaat Kun.uz saytida yoritildi.
Ulardan birinchisi — Sharg‘un shahrida istiqomat qiluvchi «Umar Shams Fayz» xususiy korxonasi rahbari Shamshir Umarovning do‘koni buzilib, ostidagi yer maydoni davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilayotgani haqida edi.
«Men tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yish uchun «Sanoatqurilishbank» Sharg‘un bo‘limidan katta miqdorda kredit olganman. Menga yo‘lni kengaytirish uchun davlat ixtiyoriga olinayotgan joyim evaziga hech qanday kompensatsiya to‘lanmayapti yoki boshqa yer maydoni berilmayapti. Boz ustiga bank garovga qo‘yilgan do‘konim buzilgani uchun yangi garov talab qilmoqda. Menda garovga qo‘yadigan boshqa narsaning o‘zi yo‘q», — degan edi Shamshir Umarov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
«Mening talablarimga quloq soladigan mutasaddi topilmayapti. Mayli, men mablag‘ topib yangi do‘konni o‘zim ham qurarman. Lekin hech bo‘lmaganda bankdagi kredit to‘lovini muzlatishga ham Sariosiyo tuman hokimligi yordam bermayapti. Meni o‘z ahvolimga tashlab qo‘yishmoqda. Boz ustiga, tuman hokimligi mutasaddilari «yangi ikki qavatli do‘konni tezroq qursang qurding, bo‘lmasa qo‘lidan keladigan boshqa tadbirkorga olib beraman», deyishmoqda. Faqat garov topsam 16 foizlik kredit olishga tuman hokimligi yordam berishi mumkin ekan. Lekin menda garovga qo‘ysa bo‘ladigan mulkning o‘zi qolmadi», — degandi Sh.Umarov.
Tadbirkor huzuriga tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Abdug‘affor Sharipov kelib, tadbirkor G.Umarovga tegishli do‘konning «qizil chiziq»qa qanchasi chiqqani, oldi-sotdi hujjatlarida ko‘rsatilgan va tasdiqlangan joydan qanchasi buzilib, davlat ixtiyoriga o‘tganini aniqlash uchun mutaxassis jalb qilib, boshqatdan o‘lchatishini aytib o‘tdi.
— Bu yerda barcha narsa Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 97-sonli qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi kerak, — degan edi A.Sharipov tadbirkor Sh.Umarovga. — Tuman adliya bo‘limi tadbirkorning qonun doirasida manfaatlarini himoya qilib beradi. Xullas, bor hujjatlar bilan yaqindan tanishib chiqaylik. Mutaxassis o‘z xulosasini beradi. Shuni asos qilib men hokimlik bilan gaplashaman. Hozirdan nimalar bo‘lishini aniq ayta olmayman. Agar sizning haqligingizni asoslay olsak, sudga sizning manfaatingizni ko‘zlab da'vo arizasi kiritamiz. Yoki, sudga qadar o‘zaro kelishuv bilan o‘rtadagi nizoga nuqta qo‘yamiz.
So‘nggi voqealar fonida Sh.Umarovning tahririyatga murojaat qilishicha, uning muammosi baribir hal bo‘lmagan. Tuman adliya bo‘limidagilar jo‘yali yordam berishmagan. Ular tadbirkorni «Sudga ariza berganmiz», deb tinchlantirishmoqda, xolos. «Yana chorasiz holatdaman», demoqda Shamshir Umarov.
Ikkinchi muammo «Marjona» mahallasidagi ichimlik suv ahvoli haqida edi. Bu mahalladagi 4,5 mingdan ziyod kishi vodoprovod yo‘qligi sababli Sharg‘unsoy daryosi suvini tashib iste'mol qilayotgani haqda yozgan edik.
Qishloqning yuqorirog‘ida joylashgan ishlab chiqarish korxonalaridan chiqayotgan oqova suvlar nomigagina tindirilib, daryoga oqizilayotgani, buning natijasida daryoning zilol suvi qizg‘ish rangga kirib, loyqalanayotgani haqida videoreportaj ham tayyorlangan edi.
«Bir paytlar aholi Sharg‘unsoydan suv ichgan, qolaversa qishloqqa toza ichimlik suvi ham kelardi. Vaziyat keyin shu 4-5 yilda keskin yomonlashdi», — degan edi mahalla vakili Ma'rufjon Mamatmurodov.
Mahalliy aholi vakillaridan Shuhrat Qurbonovning ta'kidlashicha, qishloqni ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun viloyat hokimi 850 million so‘m ajratilganini aytib o‘tgan. Viloyat televideniyesi efirida esa qishloqqa ichimlik suvi o‘tkazilgani haqida lavha ham berilgan. Ammo amalda bu borada biror ish amalga oshirilmagan.
Saytimizda mazkur muammo yoritilgach, mutasaddilar ushbu muammoga e'tibor berishi, vaziyat o‘nglanishi o‘rniga Sharg‘unsoy daryosi suvi battar ifloslanib, ichishga mutlaqo yaroqsiz holga kelib qip-qizil tusga kirgan.
Uchinchi murojaat — tumanning «Gazarak» mahallasida «To‘palang MG Holding» MChJga qarashli «MAN» rusumli yuk tashish mashinasi haydovchisi Abdusalom Nurovni «Chilonzor» mahallasining uchastka profilaktika inspektori Quvondiq Eshmirzayev va unga yordamchi posbon Tursun Rahmatov haqoratlab, kaltaklashgani haqida edi.
«Men 24 iyun kuni soat 23:20larda tungi smenada, barcha hujjatlarga ega bo‘lib turib, «Gazarak» mahallasidagi stadion qurilishi uchun shag‘al olib borayotganimda yuqoridan oq tusli «Matiz» rusumli mashina uzoqni yorituvchi chiroqlarini yoqib tushib kela boshladi. Men ikki-uch marta chiroqni pasaytirishga o‘z avtomashinamni chirog‘i bilan ishora qildim. Biroq, «Matiz» haydovchisi ko‘zni qamashtiruvchi chiroqni pasaytirmadi. Shundan keyin «Matiz» yonimdan o‘tayotganida norozilik tariqasida signal chalib o‘tib ketdim.
Shundan so‘ng yukni to‘kayotgan chog‘imda «Matiz»dagi haydovchilar o‘sha yerga yetib borib, meni mashinadan tushirib, haqorat qilib ayovsiz kaltaklashdi. Ularning har ikkisi formada edi, ikkisi ham spirtli ichimlik ichib olishgandi, keyinchalik bilsam — ular bazmdan qaytishayotgan ekan.
Sariosiyo tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Nuriddin Qodirov Kun.uz muxbiriga A.Nurovga chap tomonlama 8-qovurg‘aning sinib siljishi — yopiq sinishi tashxisi qo‘yilganini ma'lum qilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi mazkur voqea yuzasidan barcha materiallar ko‘rib chiqish uchun Sariosiyo tumani prokuraturasiga yuborilganini ma'lum qilgan edi.
A.Nurov va uning rafiqasi Kun.uz’ga murojaat qilib, Sariosiyo tuman prokuraturasi zo‘ravonlarga chora ko‘rish o‘rniga, ekspertiza xulosalarida chalkashliklar vujudga keltirishga urinmoqda. Chunonchi, prokuratura tergovchisi A.Nurovning qovurg‘asi voqeadan ikki oy avval singanini pisanda qilmoqda ekan. Garchi Nurovlar oilasi oilaboshining sindirilgan qovurg‘asini kamida uchta tibbiyot markazida ekspertizadan o‘tkazishgan bo‘lsa-da. Bu bilan prokuratura xodimlari bir ishchi sha'nini toptagan va jismoniy tan jarohati yetkazgan profilaktika inspektorini to‘liq himoya qilib chiqmoqda. Nurovlar oilasi tahririyatga bu vaziyatdan mutlaqo norozi ekanligi, ushbu holat yuqori turuvchi adolat bilan o‘rganilishini istashayotganini bildirib qolishdi.
Kun.uz Sariosiyo tuman prokuraturasi bilan bog‘langanida, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i deb o‘zini tanishtirgan xodim mazkur ishni ko‘rib chiqishning qonunan so‘nggi muddati — 2019 yil 25 iyulga qadar hech qanday tafsilotni OAVga bera olmasligini aytib o‘tgan edi.
Xullas, Sariosiyo tumanida davlat va hokimiyat organlari matbuotda yoritilgan muammolarni mana shunday tez va o‘ziga xos tarzda — mutlaqo loqaydlik bilan hal qilishga harakat qilishmoqda.
Sh.ShOKIRJONOV.