«Liverpul» APL rekordchisini safiga qo‘shib oldi

Sport 16:40 / 28.07.2019 17837

«Liverpul» rasmiy saytida «Fulhem» hujumchisi Harvi Elliott transferi haqida e'lon qilindi. Hozircha ushbu futbolchi transferining moliyaviy jihatlari ma'lum qilinmadi.

Angliya o‘smirlar terma jamoasi a'zosi bo‘lgan 16 yoshli futbolchi Edinburgda «Napoli»ga qarshi kechadigan o‘yindan avval jamoa bilan birga shug‘ullanadi.

Xabar qilinishicha, 2020 yil aprelida, Elliot 17 yoshga to‘lganida, u ilk professional shartnomasini imzolashi mumkin bo‘ladi, mersisaydliklar u bilan kamida uch yillik shartnoma tuzadi.

Futbolchiga APLning boshqa klublari, shuningdek, «Real», «PSJ» va «RB Leypsig» ham da'vogarlik qilgandi.

Elliott «Fulhem» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U Angliya Premer-ligasi o‘yinlarida maydonga tushgan eng yosh futbolchi bo‘lgandi.

Forvard Angliya chempionatining 2018/19 yilgi mavsumi 37-turida «Vulverhempton»ga qarshi kechgan o‘yinning (0:1) 88-daqiqasida maydonga tushganida 16 yoshu  30 kunlik edi. U «Fulhem»ning boshqa bir futbolchisi — Mettyu Briggsning rekordini yangiladi, u 2007 yili APL o‘yinida maydonga tushganida 16 yoshu 68 kunlik edi.

Ko‘proq yangiliklar: