2019 yil 25 iyulidan 10 avgustiga qadar respublikadagi 31ta oliy ta'lim muassasasida test sinovlarisiz abituriyentlardan alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim yo‘nalishlariga, kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2019 yil 4 iyuldagi 1-son bayoniga muvofiq 2019/2020 o‘quv yili uchun tasdiqlangan 122ta ta'lim yo‘nalishida qabul test sinovlarisiz kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali amalga oshiriladi.
Ayni kunlarda 85 ming nafarga yaqin yigit-qizlar kunduzgi, sirtqi va kechki ta'lim shakllarida alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim yo‘nalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etmoqda.
Kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha imtihon dasturlari va har bir fan xususiyati hisobga olingan holda baholash mezonlari, shuningdek, tegishli bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi OTMlar tomonidan ishlab chiqilib, tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan tasdiqlandi.
Imtihonlar adolatli va shaffof o‘tishi hamda baholanishi uchun imtihon bo‘lib o‘tadigan barcha auditoriyalar, sport zallari va maydonlarga kuzatuv kameralari o‘rnatilib, ota-onalarga jarayonlarni bevosita kuzatish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, imtihon jarayonlarini jamoatchilik nazorati ostida shaffof va oshkora o‘tkazish maqsadida ota-onalar vakillari, tuman (shahar) xalq deputatlari, davlat va nodavlat tashkilotlari mutaxassislari taklif qilingan.