O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi Internet tarmog‘ida Zarafshon shahridagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyachilarini hududni obodonlashtirish bo‘yicha majburiy ishlarga jalb qilinganligi haqida tarqalgan axborotni o‘rganib chiqdi.
Natijada quyidagilar aniqlangan: Tarmoqdagi anonim manbalarda tarbiyachilar tozalagan, deb ko‘rsatilgan “Yangi Zarafshon” mahallasi Zarafshon shahar markazidan 2 km uzoqlikda joylashgan. Ko‘rsatib o‘tilgan tumanda 3 ta davlat MTT faoliyat yuritadi. Zarafshon shahar maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi M. Tursunova 1, 16 va 20-sonli MTT xodimlaridan so‘rab-surishtirganda, ularning barchasi 2019 yil 15 iyul kuni dushanba, ya'ni ish kuni bo‘lgani va bolalarni qarovsiz qoldirib bo‘lmasligi sababli shu kuni maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bo‘lganlarini va bevosita o‘z vazifalarini bajarganliklarini ma'lum qildilar.
1, 16, 20, 4-sonli MTTlarda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, ulardagi yozuvlar tarbiyachilarning ish joylarida bo‘lganliklarini tasdiqlaydi.
Qayd etilishicha, maktabgacha ta'lim tuzilmasida bo‘lim mudiri yordamchisi lavozimi mavjud emas. Qo‘shimcha ravishda Zarafshon markazidan 40-50 km uzoqlikda joylashgan MTT xodimlari ham so‘roq qilingan. “Muruntau” mahallasida (shahar markazidan 40 km narida) joylashgan 4-sonli MTT mudiri guvohligiga ko‘ra, 2019 yil 19 iyulda uning shaxsiy telefon raqamiga chet el raqamidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, vaziyatni izohlash yuzasidan murojaat etilgan. 20-sonli MTT mudiriga ham xuddi shunday qo‘ng‘iroq tushgan. Ikkala mudir qo‘ng‘iroq qilganlarga 2019 yil 15 iyul kuni obodonlashtirish bo‘yicha ishlarga biror xodim jalb qilinmaganligi va shu kuni marafon o‘tkazilishi haqidagi axborot mavjud emasligi, barcha tarbiyachilar esa MTTda bevosita lavozim vazifalarini bajarayotgani haqida ma'lum qilgan.
Vaziyatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, marafon e'lon qilingani va maktabgacha ta'lim tashkilotlari xodimlari hududni obodonlashtirishga majburiy jalb qilingani haqidagi axborot tasdiqlanmagan.
Mazkur yangilikni e'lon qilishda resurslar tasodifiy suratlardan foydalangan. Zarafshon shahridagi MTT tarbiyachilari majburiy mehnatga jalb qilinganligini isbotlovchi fotosuratlar aniqlanmadi, deyiladi xabarda.
“Hurmatli maktabgacha ta'lim tashkilotlari xodimlari, vaziyatni o‘rganish natijasida ma'lum bo‘lishicha, 2019 yil 15 iyul, dushanba kuni Zarafshon shahridagi MTTlar shtat rejimida faoliyat yuritgan, buning esa tarbiyachilarsiz imkoniyati mavjud bo‘lmas edi. Tegishlicha, majburiy mehnatga jalb qilish haqidagi yangilik yolg‘on tarqatilgan xabardir.
Shuningdek, maktabgacha ta'lim tizimi xodimlarining shikoyat va takliflarini (shu jumladan anonim xabarlarni ham) MTVning http://support.mdo.uz/ sayti orqali yuborish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan vaziyatingiz tezkor tartibda ko‘rib chiqilib, tegishli choralar ko‘riladi”, - deya yakunlangan vazirlik ma'lumoti.