Vazirlik: sog‘lom turmush tarzi yurak-qon tomir, qandli diabet hamda o‘sma kasalliklarining oldini oladi

Jamiyat 11:19 / 27.07.2019 5798

Sog‘lom turmush tarzining qaror topishi, jumladan, faol jismoniy harakatda bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish hamda zararli odatlardan voz kechish inson salomatligini asrashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois ham, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muntazam ravishda sog‘lom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Shunday tadbirlarning navbatdagisi joriy yilning 27 iyul kuni “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” shiori ostida mamlakatimiz bo‘ylab har bir oilaviy poliklinika o‘z hududidagi mahalla fuqarolik yig‘inlaridagi guzar, ta'lim muassasasi stadionlaridan foydalangan holda oilalar ishtirokida o‘tkazildi. 

Jumladan, poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Central park” bog‘ida ham oilalar o‘rtasida ommaviy gimnastika va 5 kilometrga faol yurish mashqlari bilan bir qatorda, oilaviy musobaqalar ham uyushtirildi. Qayd etish joizki, dunyo miqyosida qon bosimining oshishi ko‘proq yoshlarda uchrayotgani, odamlar yurak-tomir, nafas olish organlari, diabet, saraton kasalliklari bilan ko‘proq og‘rimoqda. Ushbu yuqumli bo‘lmagan xastaliklar kelib chiqishining eng asosiy omillaridan biri sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslikdir.

Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar butun dunyoda o‘lim holatlarining asosiy sababchisi hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda dunyo bo‘yicha 40 million o‘lim holati yuqumli bo‘lmagan kasalliklar tufayli yuz bergan bo‘lib, bu barcha o‘limning 70 foizini tashkil etadi. O‘lim holatlarining anchagina qismi (dunyo bo‘yicha barcha o‘limning 27 foizi, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning esa 38 foizi) barvaqt, ya'ni 30 yoshdan 70 yoshgacha ro‘y bergan. Achinarlisi, kelgusida dunyoda bu kasalliklardan vafot etganlar sonining yanada ko‘payishi kutilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, sog‘lom turmush tarzi rioya etilsa, 80 foiz yurak- qon tomir, qandli diabetning 2 turi va 40 foiz o‘sma kasalliklarining oldini olish mumkin ekan.

Xo‘sh, nima uchun odamlar yoshligidan yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalinmoqda? Sababi texnologiyalarning rivojlanishi, turmush tarzining o‘zgarishi bilan odamlarning harakatlanishi va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanishi kamaydi, chekadigan va spirtli ichimlik ichadigan insonlar ko‘paydi, tarkibida yog‘, qand va tuz miqdori yuqori bo‘lgan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari iste'moli ko‘paydi. Shuningdek, aholining ovqatlanish odatlari o‘zgardi, jumladan, sabzavot va mevalarni yetarli iste'mol qilmaslik, tuzni me'yordan ortiq iste'mol qilish holatlari ham ko‘paydi. Bu esa o‘z navbatida, turmush tarzining o‘zgarishi, tana vaznining ortishi, semizlik, qonda xolesterin miqdorining oshishi va oqibatda, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Globallashuv sharoitida yuqoridagi holatlar dunyo davlatlari qatori yurtimiz uchun ham xos bo‘lib bormoqda. Shu bois ushbu vaziyatga davlatimiz tomonidan jiddiy yondashilmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 18 dekabrdagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olishga, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilib, odamlar qiziqishiga sabab bo‘layotgan ommaviy salomatlik tadbirlari ham faol jismoniy harakatga chorlab, sog‘lom hayot tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etyapti.

Ko‘proq yangiliklar: