Har hokim almashganda shu bo‘lar takror: Samarqandda do‘konli bekatlarga «buldozer» keladiganga o‘xshaydi

Jamiyat 17:42 / 27.07.2019 36884

Samarqand viloyatida chop etiladigan «Zarafshon» gazetasida va uning Zarnews.uz caytida «Bekatmi yoki do‘konmi bu?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari R. Olimov mazkur maqolaga munosabat bildirib, quyidagilarni ma'lum qilgan:

«Samarqand shahridagi barcha bekatlarni xatlovdan o‘tkazish va ularda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha shahar hokimligining ishchi guruhi tashkil etildi.

Shuningdek, shahar hokimligi tomonidan bundan buyon tadbirkorlarga bekat qurishga ruxsat berish amaliyoti to‘xtatilib, yangidan tashkil etiladigan bekatlarni shahar hokimligi mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan tashkil etish belgilab olindi.

Tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan shahardagi bekatlarni xatlovdan o‘tkazish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida tahririyatga qo‘shimcha ma'lumot taqdim etib borilishini ma'lum qilamiz», — deyiladi munosabatda.

Shunisi e'tiborliki, mazkur maqola gazeta sahifasida chop etilgan bo‘lishi mumkin, ammo saytdan uni qidirib topa olmadik. Ya'ni, bekatlarda do‘kon bo‘lishi qanday salbiy oqibatlar keltirib chiqarayotgani bilan tanishishning iloji bo‘lmadi.

Undan-da xarakterlisi — necha yillardan beri kuzatilmoqdaki, Samarqand shahrida hokim almashinishi hamono bekatlarga «hujum» boshlanadi. Goh u chet ellardagidek odmigina, shishali va ixcham qilib quriladi, goh kattaroq. Shaharda sobiq hokim F.Rahimov rahbarlik qilgan chog‘da juda ko‘p bekatlar tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan, ularning o‘z mablag‘lari evaziga kichikroq do‘kon bilan birga qurilgan edi.

Avval Samarqand shahar prokurori bo‘lib ishlagan Boburmirzo Oblaqulov shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangach, mana, gazetada chiqqan maqola bahona shahardagi barcha bekatlarni xatlovdan o‘tkazish va ularda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha shahar hokimligining ishchi guruhi tashkil etilibdi. Endi yaqindagina barpo etilgan do‘konli bekatlarning aksariyati buzib tashlansa — ajablanmaslik kerakka o‘xshaydi. Chunki buzish uchun mingta sabab topish mumkin. Hammasi xohishga bog‘liq.

Shaharda hal qilinishini yillar davomida kutayotgan shuncha muammolar mavjud bo‘la turib viloyatning bosh nashri shu narsani ko‘tarib chiqqani, hokimlik esa darrov «labbay» deb bekatlar uchun ishchi guruhi tuzilishi biroz ajablanarli, albatta.

Lekin tadbirkorlar tomonidan sarflangan mablag‘lar kompensatsiyasi, do‘konidan ayrilsa ular nima ish bilan shug‘ullanishi ham nazardan qochirilmasligi kerak. Chunki ular bekatlarni aslo o‘zboshimchalik bilan qurishmagan — shahar hokimligining qaroriga asosan qurishgan. Samarqand shahar hokimligining. Shaharda esa hokimlar bot-bot almashaveradi, bundan fuqarolar jabr ko‘rmasligi kerak. Chunki ular shu yerda muqim yashashadi.

Shuhrat Shokirjonov

Ko‘proq yangiliklar: