Suriyadan qaytarilgan ayollar va bolalarga 191,5 million so‘mlik yordam ko‘rsatildi

Jamiyat 20:00 / 26.07.2019 5047

Bugun, 26 iyul kuni Oliy Majlis Senatida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning davlat organlari tomonidan ayollarning gender tengligi buzilishiga oid murojaatlarini ko‘rib chiqish holati haqidagi axboroti eshitildi.

Unda Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi rahbariyati hamda qo‘mita a'zolari vazirlikka sohaga oid bir qator savollar bilan yuzlanishdi.

Bahodir Umrzoqovning ta'kidlashicha, ayni paytda O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,3 foizni tashkil etsa, bu ko‘rsatkich xotin-qizlar o‘rtasida 13,4 foizga to‘g‘ri kelmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga 217,7 ming nafar xotin-qizlar ish so‘rab murojaat qilgan. Ularning 87,4 ming nafari, ya'ni 40 foizining bandligi ta'minlangan.

Vazirlik taqdim etgan hisobot ma'lumotida qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan «Mehr» dasturi doirasida Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar hududidan qaytarilgan 156 nafar ayollar va bolalarning fuqarolik guvohnomalarini rasmiylashtirish uchun vazirlik huzuridagi bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 4,8 mln so‘m sarflangan. Shuningdek, ularning 47 nafariga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida, 95 nafari (voyaga yetmaganlar)ga esa bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jami 191,5 mln so‘m bir martalik moddiy yordam to‘lovlari to‘lab berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: