Investor adolat so‘ramoqda. U Jizzaxda qurilgan zavodni ishga tushirolmayapti

Jamiyat 20:50 / 26.07.2019 56845

O‘zbekiston 2012 yildan buyon faoliyat olib borayotgan xorijiy kompaniya tushunarsiz, ayni paytda muammoli vaziyatga duch keldi. Dastlab, Jizzaxdagi umumiy qiymati 133,4 million AQSh dollariga teng sement zavodi qurilishi va modernizatsiyasi bilan shug‘ullangan Dal Teknik Makina Ticaret ve Sanayi A.S. vakillari Surxondaryoda ham sement zavodi qurilishi bilan shug‘ullanishdi. Loyiha qiymati 203,1 million dollar bo‘lgan Sherobod sement zavodi foydalanishga topshirilgach, investor Ohangaronda investitsion loyiha asosida 17 million dollarga baholanayotgan metallokonstruksiyalar ishlab chiqarish zavodini qurdi. Markaziy Osiyoda eng katta hisoblanmish mazkur zavodda 190ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

2016 yili kompaniya Jizzax viloyati Zomin tumanidagi sement zavodini sotib olib, unda qayta qurish va modernizatsiya qilish ishlari yakunladi. Kompaniya prezidenti Javdet Dalning O‘zbekiston hukumati rahbari Abdulla Aripovga yo‘llagan maktubida bayon qilinishicha, xorijiy investor Zomin sement zavodiga 20 million dollar yotqizgan.

«Ammo zavod faoliyati energiya samaradorlik talablariga mos kelishi haqidagi xulosani qo‘lga kiritish borasida tushunmovchiliklar mavjud. Shuningdek, energosamarador deb topilgan korxonalar uchun beriladigan tabiiy gaz tariflari bo‘yicha yoqilg‘i yetkazilmayapti. Mazkur masalalar hal qilinmagunga qadar, faoliyatimizni to‘laqonli boshlashga qiynalyapmiz» , — deydi kompaniya rahbari maktubda.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan kompaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Okan Durakning aytishicha, mahalliy sement zavodlari safrlanayotgan tabiiy gazning 1 kub metri uchun 600 so‘m to‘lov qiladi.

«Zavod ish boshlashi uchun tabiiy gazni 1000 so‘mdan ham sotib olishga tayyormiz. Faqat korxonaning energosamaradorlik ko‘rsatkichlari tasdiqlanib, xulosa berilganda 1000 so‘m narxda sotib olingan tabiiy gaz uchun qayta hisob-kitob qilinishi kerak. Biz qo‘shimcha imtiyoz yoki alohida ustuvorlik talab qilmayapmiz. Shunchaki, barcha mahalliy sement zavodlari singari 600 so‘mdan tabiiy gaz sotib olib, faoliyatimizni boshlash istagidamiz» , — deydi u.

Prezident qarori bilan (PQ-5646) mamlakatda Energetika vazirligi tashkil etildi. Ammo, vazirlikning energosamarador hamda energotejamkor zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha vakolatli davlat organi ekanligi belgilanmagan. Xorijiy investor vazirlikka tegishli xulosa berishini so‘rab, yuborgan murojaatiga javoban Energetika vazirligi ushbu vazifani bajarishga vakolatli emasligini ma'lum qilgan.

Okan Durak tushunarsiz vaziyatda kimga murojaat qilish, ko‘mak so‘rash kerakligini bilmay, «O‘zqurilishmateriallari»  AJga xat yuborgan. Ammo masalaning yechimi ularning qo‘lida bo‘lmaganligi sababli muammo hal bo‘lmay qolmoqda.

Zavod bosh muhandisi Zafar Mamatqulovning aytishicha, sement zavod ishlab chiqarish quvvat kunlik 400 tonnaga ko‘tarildi.

Zafar Mamatqulov

«Asosan turk texnologiyasi asosida modernizatsiya qilingan zavodda atmosferaga ziyon yetkazmaslik maqsadida 2 ta filtr o‘rnatilgan. Shuningdek, issiqlikni o‘zida saqlab, qayta yuboruvchi qozonlar ishga tushirilgan» , — deydi u.

Ta'kidlanishicha, Zomin sement zavodida qurilish materialini ishlab chiqarish uchun faqat mahalliy xom-ashyodan foydalaniladi. Qo‘shni mamlakatlardan import qilinayotgan sement sifatidan qolishmaydigan tayyor mahsulot qurilish sarfini kamaytirib, ichki bozor talabini qondirish uchun yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Viloyat gaz ta'minoti boshqarmasi mas'ul xodimi Qodirjon Rahmonov esa zavod tabiiy gaz sotib olish uchun murojaat qilganini tasdiqlab, shunday dedi:

«Ushbu masala bo‘yicha mutaxassislar o‘rganib chiqib, iloji boricha ijobiy hal etishga kelishilgan. Agar korxona haqiqatan zamonaviy talablarga javob beradigan, tejamkor asbob-uskunalardan foydalanayotgan bo‘lsa, tegishli inspeksiya orqali xulosa olib, narx masala ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin» , — deydi u.

Qodirjon Rahmonov

Agar masala davlat organlaridan birining xulosasida qolsa, nega yechimni ijro etish paysalga solinmoqda? Investor sarmoya kiritgan, zavod qurgan, ishchi o‘rin paydo qildi. Endi mahalliy ishlab chiqaruvchilar singari teng sharoit va imkoniyat berilishini so‘rayapti, nahot u ko‘prog‘ini talab qilyapti?

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: