O‘zbekistonning Shanxay shahridagi (Xitoy) Bosh konsulxonasi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning 23 iyul kuni Nankin pochta va telekommunikatsiya universiteti (Tszyansu provinsiyasi) talabalari, O‘zbekiston fuqarolari M.T. va S.Sh. uchinchi shaxslarning ishtirokisiz mototsiklda yo‘l-transport hodisasiga uchradi.
TIV xabariga ko‘ra, M.T. voqea joyida halok bo‘lgan, S.Sh. jiddiy jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Bosh konsulxona xodimlari tomonidan mazkur masala nazoratga olindi va shu kunning o‘zida ular konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Nankin shahriga jo‘nab ketdilar. Universitet va Nankin shahri huquqni muhofaza qilish organlari rahbariyati hamda shahar kasalxonasining davolovchi shifokorlari bilan aloqa o‘rnatildi.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etgan hamda Shanxay shahri, Anxoy, Futszyan, Xunan, Tszyansi, Tszyansu va Chjetszyan provinsiyalari hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Shanxay shahridagi mamlakat Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +8621-6307-1896.