So‘xlik yoshlar oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli qabul qilinadigan bo‘ldi

Jamiyat 19:11 / 25.07.2019 8873

23 iyul kuni Farg‘ona viloyatining anklav hududi hisoblangan, 76 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan So‘x tumanida viloyat hokimi Sh.G‘aniyev, viloyat prokurori S.Turdiyev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Mamatov va viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Yu.Nasimdjanovlar tomonidan ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.

Qabul hududlarda aholini qiynab kelayotgan va ko‘plab e'tirozlarga sabab bo‘layotgan dolzarb muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar ko‘rish, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Qabulda jami 254 nafar fuqaro qatnashib, ulardan bevosita sektor rahbarlariga 162 ta murojaat kelib tushdi va ichimlik suvi va sug‘orish tizimida suv ta'minoti, ichki yo‘llarni ta'mirlash, qurilish ishlarini olib borish, mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati va ularning moddiy-texnika bazasi, uy-joy, moddiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalardagi murojaatlari ko‘rib chiqildi.

O‘tkazilgan qabul natijalari bo‘yicha 25 nafar murojaatchining masalasi joyida ijobiy hal etildi, 19 nafar murojaatchiga tushuntirish berildi.

Qabul davomida kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqqan holda So‘x tumani axolisini ijtimoiy-ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida mavjud holatni to‘liq o‘rganib chiqish bo‘yicha viloyat hokimligi, boshqarma va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi. 

"Sog‘liqni saqlash sohasida mutaxassislar yetishmasligi sabab viloyat markazidan yetishmaydigan sohalar bo‘yicha mutaxassislar yuborish to‘g‘risida”gi murojaat ijobiy hal etilib, tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish uchun viloyat hokimligiga ajratilgan 14 ta kvotadan 10 tasi so‘xlik yoshlar uchun ajratib berildi. 

Tumanda kurash maktabini ochish bo‘yicha taklif yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan 400 mln so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirildi.

Shuningdek, tumanga kuz-qish mavsumi uchun 5000 tonna ko‘mir olib kelinishi, qishga tayyorgarlik ishlari uchun 3 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgani bildirildi.

Qabul davomida malakali tibbiyot xodimlari tashrif buyurib, ular bir hafta davomida tumanda istiqomat qiluvchi aholini, ayniqsa, ayollar, yoshlar, keksalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqdalar.

Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan tuman aholisi uchun sayyor davlat xizmatlari tashkil etildi.

Ko‘proq yangiliklar: