2019 yil 19 iyul kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi 40 yoshli Sh.E. IIBga murojaat qilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi.
U shu kuni soat 15:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxslar Navoiy viloyatining Zarafshon shahar hududida joylashgan dehqon bozori oldida qarovsiz qoldirilgan Nexia rusumli avtomashinasi yukxonasini kalit tanlash yo‘li bilan ochib, u yerdan 16 500 000 so‘m pullarini o‘g‘irlab ketganliklarini ma'lum qilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Uchquduq tumanida yashovchi 28 yoshli Ye.B. va Zarafshon shahar Yangi Zarafshon mahallasida yashovchi 36 yoshli A.K. sodir etganliklari aniqlanib, ushlanganlar.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.