Chilonzor tuman ma'muriy sudi binosida sudya Abdulla Muhiddinov raisligida Diyor Biznes kompaniyasi rahbari Shuhrat Qayumov da'vosi ko‘rib chiqildi. Tadbirkor sudda yutqazdi.
«Molochnaya kuxnya» brendi ostida sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyati Respublika DSENM rahbarining talabi bilan aprelda to‘xtatib qo‘yilgandi. Mutasaddi organ ushbu qarorni turli vajlar bilan asoslagan, xususan korxona joylashgan hududga yaqin joyda hayvon jasadi tashlangan o‘ra va xavfli mikrobiologik, bakteriologik va immunobiologik dorilar qoldig‘i topilgani haqida ma'lumot keltirilgan. Shuhrat Qayumov ushbu vajlar asossizligini aytdi va DSENM rahbarining qarorini bekor qilishni so‘rab, sudga murojaat qilgan.
Sudda o‘z manfaatini himoya qilinmaganini iddao qilayotgan tadbirkor Shuhrat Qayumovning aytishicha, sud qarori ustida yuqori instansiyaga shikoyat qilinadi.
«Sud qaroridan batamom noroziman. Sud ishini olib borish obektiv boshlangan, sudya barcha keltirilgan vajlarni diqqat bilan tinglagan bo‘lsa-da, hududda hayvon qabristoni yo‘qligi haqida kadastr hujjatlari taqdim etilganiga qaramay, mazkur ishda bu vajlar asosiy nuqtani qo‘ya olmadi. Sud qarorida biz keltirgan vaj va hujjatlar qayd etilmagan.
Tekshiruv kelgan payti barcha instansiya va mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgandik. Bizga haligacha biron javob kelmadi», — deydi tadbirkor Qayumov.
Respublika DSENM bosh vrachi Bahrom Almatov ziddiyatli vaziyatda Kun.uz muxbiriga quyidagi fikrini bildirgandi:
«Toshkent vaksina va zardoblar ishlab chiqarish ilmiy tekshirish institutida laboratoriya hayvonlari qabristoni borligini yaqinda bildik. O‘sha qabristonning mavjudligi ertaga o‘sha korxonada («Molochnaya kuxnya» nazarda tutilmoqda — tahr.) ishlayotgan xodimlar sog‘lig‘i hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatiga ta'sir qilishi mumkinligi nuqtai nazaridan shunday xulosaga kelganmiz» .
Kun.uz muxbirining qabriston mavjudligi ta'kidlanayotgan hududga kirgani, u ochiq va to‘siqlarsiz maydon ekani aytilib, bu inson hayotiga qanchalik xavf yetishi so‘ralganda, Almatov quyidagi javobni bergandi:
«Agar siz o‘sha yerda tuproq yoki qabristonda bevosita ishlagan bo‘lsangiz, sog‘lig‘ingizga ta'siri bo‘lishi mumkin» , — deya qayd etgan Respublika DSENM bosh vrachi.
Aynan institutning (taxminan) 2 ga yer maydoni xorijiy investor BelFARM MChJ XKga nol qiymatda berilishi haqida hukumat qarori loyihasi tayyorlangan. U hozircha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Ya'ni xavfli hudud, korxona ishchilari va ishlab chiqarilgan mahsulotlarga ziyoni mavjudligi ta'kidlanayotgan maydonda dori ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Tadbirkor mazkur vaziyat va holat bilan sudda o‘z manfaatini to‘la himoya qilinishiga shubha bildirdi.
«Bizning shikoyatlarimiz faoliyatimizni tekshirish qudratiga ega shaxsning qo‘liga yetib boryapti. Tabiiyki, shikoyatlarimiz e'tiborsiz qoldirilyapti. Masala davlat rahbariga yetib bormas ekan, bu amaldor o‘z ishini davom ettiraveradi. Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (ayni paytda qayta tashkil etilgan — tahr.) bilan 5 yil yer-mulk bo‘yicha sudlashgan bo‘lsak, o‘sha odam haligacha o‘z lavozimida o‘tiribdi», — deydi u.
Ochig‘i savollar endi ko‘payib ketdi. Tadbirkor korrupsiyaga qarshi kurash va raqobat haqida mulohazalarini aytib, masalaga albatta prezident nazar solishi shartmi, deydi.
«Biz institutning sobiq avtoturargohi o‘rnida xususiylashtirilgan joyni sotib olganmiz. Lekin maydon shahar markazida joylashgani bois u barchaga qiziqarli bo‘lishi tayin.
Har doim biznes va faoliyatim shaharning turli nuqtalarida edi. Resurs yetishmasligi tufayli yagona ofisga ega emasdim. Shukrki, endi hammasi qo‘l ostimga to‘plandi. Shunchaki ishimni to‘xtatib, Qozog‘iston va Dubaydan bildirilayotgan takliflarni o‘ylab ko‘rish ham mumkin. Men vatanimni juda yaxshi ko‘raman, o‘zga yurtda ish boshlash men uchun og‘riqli. Faqat bitta yo‘lni tanlayman: oxirigacha kurashaman» , — deydi u.
Tadbirkor ismini oshkor etishni istamagan amaldor haqida gapirib o‘z xulosasini bildirdi:
«O‘ylaymanki, korrupsiyaga qarshi kurashda aynan u kabi amaldorlar jazolanishi kerak. Aks holda kimningdir yerini tortib olish, tahdid qilish endi mumkin emas. Prezident boshlagan islohotlar bunga izn bermaydi».
Alisher Ro‘zioxunov