«Yoshlar press-klubi»da test sinovlarini shaffof o‘tkazishni ta'minlash masalasi muhokama qilindi

Jamiyat 19:12 / 20.07.2019 5026

Oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlarini adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilishini ta'minlash bo‘yicha «Yoshlar press-klubi»ning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi mutasaddilari, jurnalist va blogerlar hamda abituriyentlar ishtirok etdi. 

Unda oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlari adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilishini ta'minlashga doir sa'y-harakatlar, tizimdagi yangiliklar, ro‘yxatdan o‘tishdagi qulayliklar va o‘zgarishlar haqida fikr-mulohazalar yuritildi. Muhokamada ta'kidlanishicha, joriy o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga tahsil olish uchun 1 million 66 ming 925 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tib, ma'lumotlar bazasiga kiritilgan. 2019 yilgi qabul test sinovlari uchun 180 mingdan ortiq test topshiriqlari shakllantirilib, 2-bosqich ekspertizasi o‘tkazilgan. Ular o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.

Respublika bo‘yicha jami 69ta bino test sinovlari uchun ajratib olingan. Ularning eng kattasi 1 ming 710 o‘ringa ega. 69ta binoda bir kunda 2 smenada 1 ming 275ta guruhda 38 ming 310 nafar abituriyent test topshiradi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda binolar uchun 1 ming 155tadan ortiq videokuzatuv kameralari, 120 dona mobil aloqalarini to‘suvchi qurilma, abituriyentlar sonidan kelib chiqqan holda metalloramalar, barmoq izi asosida tanish vositalari tayyorlandi. Joriy yilgi test sinovlari 29 iyul kunidan boshlanishi belgilangan.

Spikerlar test sinovlarining adolatli o‘tishini ta'minlash maqsadida bir kunda 2 ming 554 nafar nazoratchi jalb etilganiga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi»ni tarqatish bo‘yicha ham batafsil ma'lumot berildi. Sessiya yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savolarga javob olishdi.

«Yoshlar press-klubi»ning mazkur sessiyasini 21 iyul kuni soat 19:30da «Yoshlar» telekanalida to‘liq formatda tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: