Buxoroda an'anaviy qovun sayli o‘tkaziladi

Jamiyat 12:30 / 19.07.2019 6059

Buxoro qadim zamonlardan savdo chorrahasi, madaniyat va ma'rifat o‘chog‘i sanalib kelgan. So‘nggi yillarda Buxoro o‘zining noyob tarixiy obidalari, ziyoratgohlari bilan bir qatorda mevali bog‘lari, polizlari, mazali taomlari — ya'ni, mavjud gastronomik imkoniyatlari bilan ham chet ellik sayyohlar diqqatini tobora o‘ziga tortmoqda.

Ana shundan kelib chiqib, joriy yilning 20–22 iyul kunlari Buxoro shahrida an'anaviy qovun sayli o‘tkaziladi. Bu haqda Kun.uz’ga Buxoro viloyat hokimligining axborot xizmati ma'lum qilmoqda.

1996 yildan beri tashkil etib kelinayotgan, maqsadi asosan Buxoro qovunlarini yetishtirishni qayta tiklashga va yangi navlarini kashf etishga qaratilgan festivalda qovunning «Amiri», «Barginay», «Bo‘rikalla», «Gulobi», «Ko‘kcha» «Sherozi» kabi navlar yetishtirish bo‘yicha usta dehqonlar ishtirok etadilar.

Abu Ali ibn Sino nomidagi favvoralar maydoni hududida bo‘lib o‘tadigan tadbirda maxsus konsert dasturlari ham namoyish etiladi. Tadbir so‘ngida esa tanlov g‘oliblari aniqlanib, ularga turli qimmatbaho sovg‘alar taqdim etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: