Namangan viloyati Uychi tumanida mast holda mashina boshqarib, uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yigitga sud hukmi o‘qilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 19 yoshli yigit 2024 yil 29 oktyabr kuni do‘stlari bilan tungi klubda mast qiluvchi ichimliklar iste’mol qilgan. So‘ng o‘ziga tegishli bo‘lmagan mashinani Uchqo‘rg‘on-Namangan yo‘lida boshqarib, “Kobalt” mashinasi bilan to‘qnashgan.
Oqibatda “Kobalt”da bo‘lgan uch kishi vafot etgan. Dastlabki surishtiruvda yigit haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagani va mashinani tezlik soatiga 60 km bo‘lgan joyda 100 km tezlikda boshqargani aniqlangan.
“Mening yurtim” telekanalining “Hudud” informatsion dasturida berilgan lavhada aytilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudida o‘tkazilgan sud majlisida yigitga nisbatan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqilgan.
Sud uni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzib odamlar o‘limiga sabab bo‘lish) bilan aybdor deb topgan. Unga 6 yil qamoq jazosi belgilangan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga 10 yilgacha qamoq jazosi berish belgilangan.