Olmaliqda ona uydagi shirinlikni yeb qo‘ygan bolasining qo‘lini kuydirdi

O‘zbekiston 18:13 / 10.02.2025 9125

Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida ona o‘z bolasini muttasil ravishda qiynab kelgani aniqlandi.

Kun.uz o‘rgangan sud ajrimida keltirilishicha, 1991 yilda tug‘ilgan X.A. 2016 yilda tug‘ilgan o‘g‘li B.A.ga doimiy ravishda azob berib kelgan. Jumladan, ayol 2024 yil 30 oktabr kuni soat 21:00 larda o‘g‘li uydagi shirinliklarni yeb qo‘ygani sababli uning barmoqlari orasi va boshqa tana a’zolariga paxta tiqib, yoqqan. Buning oqibatida bolaga 1-2-darajali termik kuyishdan iborat bo‘lgan sog‘liqning qisqa muddatga buzilishiga olib keluvchi yengil tan jarohatlari yetkazgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, B.A.da “chap ko‘krak qafasi old yuzasi, chap qo‘ltiq osti sohasiga o‘tish qismi, chap qovurg‘a yoyi ostida, burun kamari uchki qismi, o‘ng qo‘l 3-4-5-barmoq kaft bo‘g‘imi orasida va ichki yuzasi, chap oyoq 1-2-3-4-barmoqlari orasi va tirnoq falangasi ichki yuzasining 1-2 darajali termik kuyishi” kabi tan jarohatlari aniqlangan.

Olmaliq shahar IIB tergovchisining 2025 yil 7 fevraldagi qaroriga ko‘ra, X.A. Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda sirtdan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan va unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudining 2025 yil 7 fevraldagi ajrimi bilan ayolga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatga 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.

Ko‘proq yangiliklar: