Tadqiqot: Oilaviy ajrimlarning 60 foizida erkaklar tashabbuskor bo‘lgan

Jamiyat 10:20 / 18.07.2019 5102

2019 yilning birinchi yarim yilligida Jizzax va Namangan viloyatlarida oilalarning ahvoli, ulardagi muammolarni o‘rganish yuzasidan maxsus tadqiqot o‘tkazildi. Bu haqida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi xodimlari ishtirokida O‘zbekiston milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanida xabar berildi. 

Namangan viloyatining Pop, Norin, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Chust tumanlarida ajrimlar oshgani tufayli ularning sabablari o‘rganildi. Ushbu tadqiqotda qatnashgan nikohi buzilgan oilalarning 38 foizi 2 yil, 34 foizi esa 6 yilgacha birga yashagan.

«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hududiy boshqarmalar faoliyatini ilmiy-metodik ta'minlash va maxsus o‘quv kurslari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Inobat Karimovaning ta'kidlashicha, aynan shu 5ta tumandagi 60 foiz ajrimning asosiy tashabbuskori erkaklar bo‘lgan.

«Afsuslanarli tomoni, 63 foiz ajrashgan oilalarning 1-2 nafar farzandi bor, 44 foizi esa doimiy ziddiyat bilan yashab kelgan», deya ma'lumot berdi u.

Qatnashchilar qarindoshlari ularning hayotiga aralashmaganda, alohida yashashganlarida, turmush o‘rtoqlari muqim ish joyiga ega bo‘lganda, moddiy qiyinchilik bo‘lmaganda oilani saqlab qolishning imkoni bor edi degan fikrni bildirishgan.

Bundan tashqari, oilaviy ajrimlarni kamaytirish uchun nima qilish zarur degan savolga 41 foiz ishtirokchi ishsizlik muammosini hal qilish orqali deb javob bergan bo‘lsa, 28 foizi buning uchun yosh oilalar uy-joy bilan ta'minlanishi kerak deb hisoblaydi. 57 foiz respondent esa tibbiy ko‘rik sifatini yaxshilash kerak degan javobni aytgan.

Yana bir tadqiqot davomida Jizzax viloyatining Forish, Baxmal va Zomin tumanlarida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan 149 nafar xotin-kiz ishtirok etdi.

«Agar bu respondentlarning vaziyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning 73 foizi moddiy yetishmovchilik tufayli qiynalmoqda. Bundan tashqari, yaqin kishilari og‘ir kasallikka chalingani yoki vafoti tufayli, oilada ichkilikka berilgan a'zolar borligi sababli qiynalayotgan hamda turli oilaviy bosimlar ostida qolayotgan xotin-qizlar ham bor.

Lekin ularning asosiy qismi – 65 foizi o‘z muammosi yuzasidan tegishli tashkilotlarga hatto murojaat qilmagan. Bu og‘ir vaziyatdagi xotin-qizlarning o‘z huquqlarini bilmasliklarini va uning yechimi bo‘yicha kimdan ko‘mak so‘rash mumkinligidan xabardor emasligini anglatadi», deya ma'lumot berdi Inobat Karimova. 

Ko‘proq yangiliklar: