Tadqiqot: Nikoh quruvchilarning 42 foizi tibbiy ko‘rik ahamiyati haqida tasavvurga ega emasligi aniqlandi

Jamiyat 14:42 / 18.07.2019 3109

«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan OAV vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda shu yilning o‘tgan davrida oila mustahkamligi, ajrimlar, erta nikohning oldini olish borasida amalga oshirilgan bir qancha tadqiqotlar haqida ma'lumot berildi.

Markazning oilani demografik rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Botir Mavlonovning «Qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning sabablari, oqibatlari, nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik tizimini takomillashtirish masalalari» tadqiqotida O‘zbekiston bo‘yicha 2300dan ziyod respondent qatnashgan.

«Ishtirokchilarning 62 foizi ota-onasining talabi bilan erta oila qurishgan. 56 foizi qachon turmush qurishni yoshlarning o‘zi hal qilishi kerak, degan fikrni bildirdi. Tadqiqot doirasida bor-yo‘g‘i 46 foiz erta nikohlanuvchi buning yomon oqibati haqida tasavvurga ega bo‘lgani aniqlandi. So‘rovnoma qatnashchilarining 63 foizi kelajakda farzandining erta turmush qurishiga kat'iyan qarshiligini aytdi», deydi tadqiqotchi.

Tadbirda qayd etilishicha, erta nikoh qurgan yoshlarning asosiy qismi kelajakdagi rejalarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Ular ta'lim olish, ishga kirish, hunar egallash singari maqsadlaridan voz kechishi natijasida ijtimoiy faolligi darajasi ham susayishi kabi holatlar yuzaga chiqqan.

Bundan tashqari, ayrim erta nikoh quruvchilarning reproduktiv sog‘ligi yomonlashgani, natijada esa ba'zi oilalarning farzandsizlik tufayli ajrashib ketayotgani ham qayd qilingan.

Botir Mavlonovning fikricha, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning 70,7 foizi ota-ona va boshqa yaqinlarining ta'siri ostida qurilgan. Qarindoshi bilan nikoh qurganlarning uchdan bir qismi bu turmushga qarshilik qilgan, 10 foizi esa norozi bo‘lishning foydasi yo‘q, deb hisoblagan. O‘z qarindoshi bilan oila rishtalarini bog‘lagan 59,4 foiz ishtirokchining ota-onasi ham qarindosh bo‘lishgan. Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy tomoni faqatgina nogiron bolalar tug‘ilishi emas, balki, bolalar o‘rtasida o‘lim sonining ko‘payishi, bolalarning immuniteti past bo‘lishi kabilarda ham namoyon bo‘lyapti.

«Ayrim oilaviy an'analarimiz ba'zan oila kelajagi va mustahkamligi uchun xavfli sanaladi. Buni, qisqacha, ota-onalarning o‘zini o‘ylashi, deya talqin qilishimiz mumkin. Masalan, Xorazmda bir guruh ota-onalarga «Nega farzandingiz qarindosh bilan turmush qurishiga rozi bo‘ldingiz?», degan savolni berganimizda, ular mol-mulki begona qo‘llarga o‘tib ketishini xohlamasliklarini ta'kidlashdi. So‘rovnomada ishtirok etgan 42 foiz respondent tibbiy ko‘rikning ahamiyati haqida tasavvurga ham ega emasligi ma'lum bo‘ldi. Bu mas'ul tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirishimiz zarurligini anglatadi», deydi tadqiqotchi.

Ko‘proq yangiliklar: