Qozog‘istondagi YTHda halok bo‘lgan fuqaroning jasadi O‘zbekistonga jo‘natildi

Jamiyat 12:18 / 18.07.2019 23443

1 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etgan va yana 4 hamyurtimiz jarohatiga sabab bo‘lgan 13 iyuldagi yo‘l-transport hodisasining tafsilotlarini aniqlash maqsadida O‘zbekistonning Olmaota shahridagi (Qozog‘iston) Bosh konsulxonasi xodimi 2019 yilning 16-17 iyul kunlari Jambil viloyati Moyinqum tumani va Qarag‘anda viloyati Priozersk shahriga bordi.

Marhum hamyurtimizning jasadi yaqinlari hamrohligida O‘zbekistonga jo‘natilgan. Jarohatlanganlar esa Priozersk shahar kasalxonasiga joylashtirilgan, deyiladi TIV xabarida.

Qozog‘iston migratsiya xizmatining mazkur hududdagi vakillari bergan ma'lumotga ko‘ra, jami 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi noqonuniy mehnat bilan shug‘ullangani uchun qo‘lga olingan, ulardan 6 nafari xizmat avtomashinasida YTHga uchragan.

YTH fakti bo‘yicha politsiya xodimi – xizmat avtomashinasi haydovchisiga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Bosh konsulxona jarohatlangan hamyurtlarimiz O.N. va S.S.ni O‘zbekistonga jo‘natish masalalari bilan shug‘ullanmoqda va vaziyatni nazoratda ushlab turibdi.

Konsullik-huquqiy departamenti fojiali yakun topgan YTH munosabati bilan hamdardlik bildirgan hamda Qozog‘istonning Olmaota va Chimkent shaharlari, Olmaota, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatgan: +7-727-291-11-78.

Ko‘proq yangiliklar: