Tilla taqinchoqlarni qo‘lga kiritishning yangicha usuli 5 yillik qamoq bilan yakun topadigan bo‘ldi

Jamiyat 21:41 / 17.07.2019 8497

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida sudlanuvchi G.H.ga nisbatan ko‘rilgan jinoyat ishida firibgarlikning antiqa usullari «kashf» etilgani ayon bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, G.H. mehmonxonada o‘zi bilan hamkasb bo‘lgan boshqa ayolga sirini aytadi. «Yaqin kishim anchadan beri menga tilla taqinchoqlar olib bermoqchi bo‘lib yuribdi. Unga eng qimmat taqinchoqlarni ko‘rsatishim kerak. «O‘zim sotib oldim», deyman va yaxshigina pulga tushiraman. Yordam berasizmi? Sizning taqinchoqlaringiz juda ham chiroyli, shularni ko‘rsatsam — ish tezroq bitadi...»

G.H. hali bu mehmonxonaga ishga kelganiga ham uncha ko‘p bo‘lmagani holda tezda hamkasblarining ishonchiga kirgan ekan, hamkasbi hech ikkilanmay ikki juft tilladan yasalgan zirak, ikki dona tilladan yasalgan uzuk, bir dona tilladan yasalgan ingichka zanjir, bir juft kumushdan yasalgan ayollar ziragini unga berib yubordi. Sodda ayol o‘z taqinchoqlarini so‘nggi marta ko‘rishi ekanini qayerdan bilsin?

Barcha taqinchoqlarni sotib yuborgan G.H esa navbatdagi «o‘lja»ni izlardi. Tabiiyki, u eski ishiga shu bilan qaytib bormadi. Navbatidagi boshqa bir mehmonxonaga ishga kirdi. Yangi ish joy, ko‘plab hamkasblar,  ta'bir joiz bo‘lsa — ko‘plab o‘ljalar. Tez orada ko‘pchilikning ishonchiga kirib oldi. Oradan bir oy o‘tib hamkasblaridan biri P.P.ga 17 ming AQSh dollari kerak bo‘lganini eshitdi-yu uning rejasi ham pishdi. To‘ppa to‘g‘ri yangi hamkasb oldiga bordi: «Men topib beraman sizga 17 mingni. Hecham qayg‘urmang. AQShda bir xolavachcham bor, pul berib tura oladi, siz buning uchun agar tilla taqinchoqlaringiz bo‘lsa, uni garovga berishingiz kerak».

P.P.ning tilla taqinchoqlari 16 million so‘mlik ekan. G.H. «bir balo qilib» rozi bo‘ldi. P.P. ham tilla taqinchoqlarni ham, 17000 AQSh dollarni ham shu bilan ko‘rmadi. Tabiiyki hamkasbi G.H ni ham.  U shu bilan bu ishga ham boshqa kelmadi. Taqinchoqlarni sotib xohlaganicha sarflab yurardi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sudya F.Samatov raislik qilgan ochiq sud majlisida G.H. ning yana boshqa firibgarliklari ham ma'lum bo‘ldi. U ilgari ikki marta sudlangan xavfli retsidivist ekani ko‘pchilikning xayoliga ham kelmagan. 

Endi unda o‘z qilmishlari oqibatida haqda bemalol o‘ylab ko‘rishi uchun besh yil muddat bor...

Ko‘proq yangiliklar: