Karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yish tartibi tasdiqlanadi

O‘zbekiston 09:19 / 16.07.2019 2734

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yish, qaytarib yuborish va yo‘q qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, karantin ostidagi mahsulot (pochta jo‘natmalari, qo‘l yuki va bagaj bilan birgalikda) qo‘yidagi joylarda o‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan olib qo‘yiladi:

avtomobil yo‘llaridagi, temir yo‘l stansiyalaridagi, aeroportlardagi, daryo portidagi o‘simliklar karantini chegara punktlari va pochtamtdagi o‘simliklar karantini punktlarida;

O‘zbekiston Respublikasiga tegishli hududlardagi ishlab chiqarish, saqlash va sotish joylarida.

Qo‘yidagi karantin ostidagi mahsulot olib qo‘yiladi:

o‘simliklar karantini obektlari bilan zararlangan;

O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan;

tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan, (karantin ruxsatnomasi, fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi).

O‘tish punktlarida karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yish vaqtida o‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan muvofiq shaklda karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yish to‘g‘risidagi dalolatnoma 3 nusxada tuziladi.

Olib qo‘yish to‘g‘risidagi dalolatnomaning bir nusxasi karantin ostidagi mahsulotning egasi, uning vakili yoki karantin ostidagi yukni olib kelgan shaxsga, ikkinchisi zarur hollarda bojxona organining mas'ul xodimiga beriladi, uchinchisi o‘simliklar karantini davlat inspektorida qoladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishlab chiqarish, saqlash va sotish joylarida karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yish to‘g‘risidagi dalolatnoma o‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan 2 nusxada tuziladi.

Olib qo‘yish to‘g‘risidagi dalolatnomaning bir nusxasi karantin ostidagi mahsulotning egasi yoki uning vakiliga beriladi, ikkinchisi esa o‘simliklar karantini davlat inspektorida qoladi.

Karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yish to‘g‘risidagi dalolatnoma tuzilayotgan vaqtning o‘zida ushbu mahsulotga nisbatan qo‘llaniladigan tadbirlar amalga oshirilgunga qadar, o‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan bojxona organi mansabdor shaxsi bilan hamkorlikda uni saqlab turishga doir choralar belgilanadi.

Belgilangan holatlar amalga oshirilganda, 1 kun ichida O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini bosh davlat inspektoriga yozma ravishda xabar beriladi.

O‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan olib qo‘yilgan karantin ostidagi mahsulotdan o‘rnatilgan tartibda namunalar olinadi va ular laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazish uchun yuboriladi.

Karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan hollarda karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yishda, o‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan tuzilayotgan olib qo‘yish to‘g‘risidagi dalolatnomada karantin ostidagi yukning egasiga bir kun muddat ichida ruxsat beruvchi hujjatlarni taqdim etilishi zaruriyati ko‘rsatib o‘tiladi.

Olib qo‘yilgan karantin ostidagi mahsulotga ruxsat beruvchi hujjatlar taqdim qilinganda va laboratoriya ekspertizasi xulosasiga ko‘ra o‘simliklar karantin obektlari mavjud bo‘lmagan taqdirdagina o‘simliklar karantini davlat inspektorining ko‘rsatmasiga asosan yuk egasiga zudlik bilan qaytarib beriladi.

O‘tish joylarida olib qo‘yilgan karantin ostidagi mahsulot laboratoriya ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, o‘simliklar karantini davlat inspektorining yozma ko‘rsatmasiga asosan fitosanitar ishlov beriladi va/yoki eksportyor davlatga qaytarib yuboriladi (qo‘l yuki va bagaj bundan mustasno).

Karantin ostidagi mahsulotni qaytarib yuborish uchun o‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan mazkur muvofiq shaklda qaytarib yuborish to‘g‘risidagi dalolatnoma 3 nusxada tuziladi.

Uning bir nusxasi karantin ostidagi mahsulotning egasi, uning vakili yoki karantin ostidagi yukni olib kelgan shaxsga, ikkinchisi bojxona organining mas'ul xodimiga beriladi, uchinchisi esa o‘simliklar karantini davlat inspektorida qoladi.

Yukni qaytarib yuborish bilan bog‘liq xarajatlar yuk egasi (yukni qabul qilib oluvchi) hisobidan qoplanadi.

O‘simliklar karantini obektlari bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulot va qo‘l yuki yoki bagajdan olib qo‘yilgan karantin ostidagi mahsulotni qaytarishni yoki fitosanitar ishlov berishni imkoni bo‘lmagan taqdirda muvofiq yo‘q qilinadi.

O‘simliklar karantini obektlari bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotni qaytarishni va/yoki fitosanitar ishlov berishni imkoni bo‘lmagan taqdirda o‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan yo‘q qilinadi.

Karantin ostidagi mahsulotni yo‘q qilish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o‘simliklar karantini davlat inspeksiyalari boshlig‘i (komissiya raisi) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy organlarining va tuman (shahar) Davlat sanitar-epidemiologik nazorat Markazi vakillarini jalb qilgan holda tarkibida kamida 5 kishidan iborat yo‘q qilish komissiya tuziladi.

O‘simliklar karantini davlat inspektori Komissiyaga 3 kun mobaynida olib qo‘yish to‘g‘risidagi dalolatnomani, zarur bo‘lgan hollarda karantin laboratoriyasi tomonidan berilgan laboratoriya ekspertizasi xulosasini ilova qilgan holda, yuboradi.

Olib qo‘yish to‘g‘risidagi dalolatnomaga asosan Komissiya tomonidan, muvofiq shaklda, ularning atrof muhit uchun zararsizligini hisobga olgan holda, karantin ostidagi mahsulotni yo‘q qilish sanasi, usuli va joyini aniqlash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

O‘simlik karantini obektlari tarqalishini va karantin ostidagi mahsulotini o‘g‘irlash holatlarini oldini olish maqsadida, ular komissiya tomonidan belgilangan maxsus joylarda saqlanadi.

Karantin ostidagi mahsulotni yo‘q qilish ishlari mahsulot egasi (qabul qilib oluvchi) yoki uning vakili ishtirokida Komissiya tomonidan qaror qabul qilingan sanadan boshlab 5 kun muddat ichida kechiktirmasdan amalga oshiriladi.

Hududiy inspeksiya Komissiya tomonidan qaror qabul qilingan sanadan boshlab 1 kun muddat ichida mahsulot egasi (qabul qilib oluvchi) yoki uning vakiliga karantin ostidagi mahsulotni yo‘q qilish sanasi, usuli va joyi haqida bildiradi. Mahsulot egasi (qabul qilib oluvchi) yoki uning vakili belgilangan joyiga kelmagan taqdirda, yo‘q qilish jarayoni davom ettiriladi va bu haqida Komissiya tomonidan karantin ostidagi mahsulotni yo‘q qilish to‘g‘risidagi dalolatnomada belgilanadi.

O‘simliklar karantini obektlari bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotni yo‘q qilish O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonunlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Karantin ostidagi mahsulotni yo‘q qilishda uning iste'mol xususiyatlari to‘liq yo‘q qilinishi yoqish va keyinchalik ko‘mib tashlash orqali ta'minlanishi shart.

Yo‘q qilish jarayoni fotosurat yoki video yozuvga olinadi.

Zararlangan karantin ostidagi mahsulot yo‘q qilingandan so‘ng, Komissiya tomonidan muvofiq shaklda yo‘q qilish to‘g‘risidagi dalolatnoma tuziladi.

Yo‘q qilish to‘g‘risidagi dalolatnoma 5 nusxada tuziladi va komissiya tomonidan imzolanib, karantin ostidagi mahsulot egasi (yukni qabul qilib oluvchi) yoki uning vakili ishtirok etgan hollarda ularning imzolari bilan tasdiqlanadi.

Komissiyaning buyrug‘i va qarorlari, shuningdek, fotosurat yoki videomateriallar nusxalari, yo‘q qilish to‘g‘risidagi dalolatnomani nusxalariga ilova qilingan holda, mahsulot egasi (yukni qabul qilib oluvchi) yoki uning vakiliga, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organlariga va tuman (shahar) Davlat sanitar-epidemiologik nazorat Markazi vakillariga yuboriladi.

Saqlash, tashish, yo‘q qilish va ko‘mib tashlash bilan bog‘liq xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: