Yevropa Ittifoqi G‘azo sektoridagi muhtoj fuqarolarga yana 68 million yevro miqdorida gumanitar yordam beradi. «G‘azo sektoridagi og‘ir gumanitar inqirozning davom etishi va ehtiyojlar tobora ortib borayotgani sababli, Yevropa komissiyasi falastinliklarga moliyaviy yordamni oshirmoqda», — deyiladi 26 aprel, juma kuni chop etilgan press-relizda.
Yordam mintaqadagi falastinliklarni qo‘llab-quvvatlayotgan «sherik tashkilotlar» orqali amalga oshiriladi. Bu harakatlar «tezkor zarur oziq-ovqat yordami, sog‘liqni saqlash, suv, sanitariya va uy-joy yordamini kengaytirishga qaratilgan», deya aniqlik kiritdi Bryussel. Shu tariqa, 2024 yilda G‘azo sektorida muhtoj bo‘lgan falastinliklar uchun Yevropa Ittifoqining gumanitar yordami umumiy miqdori 193 million yevroni tashkil qiladi.
Mintaqada olti oydan ortiq davom etayotgan harbiy amaliyotlar Isroil armiyasining bombardimonlari va quruqlikdagi amaliyotlari chog‘ida G‘azo sektorida sezilarli vayronagarchiliklarga olib keldi. YeI ma’lumotlariga ko‘ra, hozir mintaqadagi ikki millionga yaqin tinch aholi gumanitar yordamga muhtoj.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 34 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.