Litva prezidenti Gitanas Nauseda Rossiya tomonidan kuchayib borayotgan tahdidni hisobga olib, polshalik hamkasbi Anjyey Dudaning Polshada NATO yadro qurolini joylashtirish istagini qo‘llab-quvvatladi. «Yadro qurolini joylashtirish g‘oyasi urushga chaqirish yoki Rossiyaga tahdid emas, bu to‘xtatuvchi tizimning elementi bo‘lib, u haqiqatan ham muhim tiyib turuvchi vosita bo‘lishi kerak», dedi Nauseda 26 aprel, juma kuni Duda bilan qo‘shma matbuot anjumanida.
Polsha va Litva prezidentlari Polsha-Litva chegarasining Kaliningrad viloyati va Belarus o‘rtasidagi atigi 70 kilometr kenglikdagi Suvalki bo‘shlig‘ida ikki davlat qurolli kuchlari harbiy mashg‘ulotlarini kuzatdi. Suvalkining Rossiya tomonidan ehtimoliy egallab olinishi Boltiqbo‘yi davlatlarini NATO quruqlik kuchlaridan uzib qo‘yishi mumkin. Qayd etilishicha, davom etayotgan «Jasur grifon» mashg‘ulotlarida 1500 nafar harbiy xizmatchi mudofaa ssenariylarini mashq qilmoqda.
Ginatas Nauseda Polsha prezidentini Shimoliy Atlantika ittifoqiga a’zo mamlakatlarni harbiy xarajatlarini oshirishga chaqirig‘ida ham qo‘llab-quvvatladi. «Biz NATOdagi hamkorlarimizni mudofaa xarajatlarini oshirishga ishontirish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak», dedi Litva prezidenti. Nauseda yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning ikki foizini tashkil etuvchi hozirgi ko‘rsatkich ushbu «dinamik va qiyin paytlarda» yetarli emasligiga qo‘shilishini aytdi. Polsha prezidenti avvalroq NATO a’zolariga har yili yalpi ichki mahsulotning kamida uch foizini mudofaaga sarflash majburiyatini yuklashni taklif qilgan edi.
Duda AQSh yadro qurolini joylashtirishga tayyorligini ma’lum qildi
Avvalroq Polsha prezidenti Varshavaning mamlakatda yadro qurolini joylashtirishga tayyorligini bildirgan edi. Bu fikrni Polshaning boshqa vakillari, jumladan, bosh vazir Donald Tusk rad etdi.
Litva prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Duda yana bu masalani ko‘tardi. «Bizning tushunishimizcha, NATOning butun hududi to‘g‘ri va adekvat himoya qilinishi kerak, shuning uchun yadroviy tizim NATO sharqiy qanotiga ko‘chirilishi juda mantiqiy», - dedi Polsha rahbari. «Biz ushbu mamlakatlardan biri sifatida bu qurollarni joylashtirishga tayyorligimizni e’lon qildik», - deya Duda so‘zlarini keltiradi dpa agentligi.
NATO yangi mamlakatlarda yadro qurolini joylashtirish niyatida emas
Shimoliy Atlantika alyansi hozirda yadro quroli mavjud bo‘lmagan mamlakatlarga uni joylashtirishni taklif qilmaydi, dedi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg. Mavjud yadroviy qurollarni taqsimlash bo‘yicha kelishuvni kengaytirish rejalari yo‘q, dedi u 23 aprel kuni Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak bilan Polshadagi britaniyalik askarlar oldida chiqish qilib.
Kreml Dudaning bayonotiga munosabat bildirdi va bunday qaror qabul qilingan taqdirda javob choralari haqida ogohlantirdi. O‘z navbatida, Berlin Varshava taklifi umuman olganda ijobiy qabul qilinganini ta’kidladi.
AQSh yadro qurollari Yevropaning bir qancha davlatlarida joylashgan. Norasmiy xabarlarga ko‘ra, gap Germaniya, Belgiya, Italiya, Niderlandiya va Turkiya haqida ketmoqda. Bu ma’lumot rasman oshkor etilmagan.